Jahon

O‘zbekistonliklar doimiy yashash uchun asosan qaysi davlatni tanlamoqda?

O‘zbekistonliklar doimiy yashash uchun asosan qaysi davlatni tanlamoqda?

Statistika agentligi 2024-yil yanvar–iyun oylarida o‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganini ma’lum qildi.

Unda qayd etilishicha, yarim yil davomida besh ming nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari boshqa davlatlarga doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketgan.

Ko‘chganlarning asosiy qismi — 4 128 kishi (umumiy ulushning 81,5 foizi) Qozog‘istonga ketgan. Shu bilan birga, Rossiyaga 760 kishi, Qirg‘izistonga 34 kishi, Janubiy Koreyaga 37 kishi, Turkmanistonga 14 kishi, boshqa davlatlarga 93 kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chgan.

O‘zbekistonga yanvar–iyun oylarida xorijiy mamlakatlardan 1 080 kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelgan. Ularning asosiy qismi Rossiya (36,1 foiz) va Qozog‘iston (24,1 foiz) fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat miqyosida bir hududdan boshqasiga ko‘chib kelganlar soni 116,6 ming kishini tashkil etdi (2023-yil mos davrida 106,3 ming kishi). Shundan erkaklar 50,7 ming nafar, ayollar 65,9 ming nafardir. Ko‘chib kelganlar soni shaharlarda 87 ming kishi, qishloqlarda 29,6 ming kishi bo‘lgan.

Yarim yil ichida ko‘chib kelganlarning eng ko‘p ulushi Toshkent shahrida (44 605 kishi), eng kam ulushi Namangan viloyatida (1 649 kishi) qayd etildi.

Olti oy davomida respublika bo‘ylab ko‘chib ketganlar soni 120,6 ming kishini tashkil etdi (2023-yil mos davrida 113,7 kishi bo‘lgan). Shundan erkaklar 52,8 ming nafar, ayollar 67,8 ming nafar. Ko‘chib ketganlar soni shaharlarda 83,9 ming kishi, qishloqlarda 36,7 ming kishi.

Ko‘chib ketganlarning eng ko‘p ulushi Toshkent shahri (35 540 kishi), eng kam qismi Namangan viloyati (2 710 kishi) hissasiga to‘g‘ri keldi.