Jamiyat

Xivadagi nogironligi bo‘lgan erkaklar “Muruvvat” internat uyidagi sharoitlar o‘rganildi

Xivadagi nogironligi bo‘lgan erkaklar “Muruvvat” internat uyidagi sharoitlar o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan Xiva “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida mazkur muassasada davolanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa sharoitlari o‘rganildi.

Shuningdek, ushbu internat uyiga o‘tkazilgan avvalgi monitoringda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganiga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, muassasadagi bemorlar uchun issiqdan saqlanish va kunni maroqli o‘tkazishlari uchun 2 ta katta suv havzasi (basseyn) qurilib, foydalanishga topshirilgani ma’lum bo‘ldi.

Monitoringda muassasa hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun yog‘ochdan yashik tayyorlash syexi tashkil qilinib, u yerda tibbiy xulosaga asosan mehnat qilishga layoqatli shaxslarning 5 nafari mehnat terapiyasiga jalb qilinganligi aniqlandi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, oshxona binosini qayta qurish, muassasa hududida dam olish o‘rindiqlarini sonini ko‘paytirish, kanalizatsiya bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.