Jamiyat

Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollar davlat organlariga ishga joylashtiriladi

Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollar davlat organlariga ishga joylashtiriladi

Oʻzbekistonda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlganda ularni davlat organlari va tashkilotlariga yoʻllanma asosida ishga joylashtirish amaliyoti joriy etilishi mumkin. Mazkur jarayonlarni asoslovchi normalar qonunchilikka kiritilmoqda.

Bunda ish beruvchilarga ijtimoiy majburiyat yuklanadi.

Yaʼni, kiritilayotgan normalar tasdiqlangach ish beruvchi davlat tashkilotlari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi boʻyicha (mahalliy mehnat organlari tomonidan yoʻllanma asosida) ishga yuborilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni ishga qabul qilishi shart boʻladi.

Bunda yoʻllanmalar tashkilotning boʻsh (vakant) ish oʻrinlari asosida beriladi. Agar ish beruvchi tashkilot boʻsh ish joyi boʻla turib, ishga olish talabini asossiz ravishda rad etsa, muassasa qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Bundan tashqari, endi tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan tegishli bilim va koʻnikmalarga ega xotin-qizlarning maʼlumotlari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga roʻyxat tariqasida taqdim etildi. Mehnat organlari esa mazkur roʻyxatga kiritilganlarni ularning murojaatisiz ham ish qidirayotgan shaxslar sifatida bazaga kiritib boradi.

Shu hisobda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga roʻyxati taqdim etilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xotin-qizlar ularning murojaatisiz ish qidiruvchi sifatida roʻyxatga olinadi.