Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, Agentlik tomonidan ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarning o‘z vaqtida rasmiy veb-sayt va Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirilish holati 106 ta davlat organlari va tashkilotlarida monitoring qilindi.
Aniqlanishicha, 106 ta vazirlik va idoralarga jami 1527 ta majburiyatlar belgilangan bo‘lib, zoriy yilning 2-chorak holatiga shulardan faqatgina 577 tasining ijrosi o‘z vaqtida ta’minlangan.
Misol uchun, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 50 ta davlat idoralaridagina o‘z vaqtida va belgilangan resurslarda joylashtirilgan yoki xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi ma’lumotlar 43 ta vazirlik va idoralar tomonidan to‘liq ochiq e’lon qilingan.
O‘rganishlar davomida Andijon viloyat hokimligi, Madaniy meros agentligi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ kabi tashkilotlarda joriy yil holatiga oid ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan biror bir ma’lumot yuklanmagan.
Shu bilan birga, ochiq ma’lumotlarni e’lon qilishda yuqori samaradorlik Sport vazirligi (95%), Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (80%), Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi (80%), Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (75%), hamda Samarqand viloyat hokimligi (76%) tomonidan qayd etilgan.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish va qonunbuzilishlarining kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarilikka tortish bo‘yicha 11 ta taqdimnoma kiritildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!