Jahon, Sport

Parij-2024. «Men ayolman»: Helif va Lin Olimpiada chempioni bo‘ldi

Parij-2024. «Men ayolman»: Helif va Lin Olimpiada chempioni bo‘ldi

Jazoirlik bokschi Iman Helif 9-avgust kuni xitoylik raqibi Yan Lyuni mag‘lub etib, 66 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Olimpiada oldin medalini qo‘lga kiritdi.

Helif Parijda o‘tkazilayotgan Olimpiada o‘yinlaridagi to‘rtinchi jangi uchun ringga chiqqanida tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Jazoir bayroqlari butun arena bo‘ylab ilib tashlangan edi.

Birinchi raundda ikkala bokschi ham ehtiyotkorlik bilan harakat qildi, ammo Helif ustunlikni qo‘ldan boy bermadi va bir ovozdan hakamlar raundni uning foydasiga berdi. Ikkinchi raundda ham jang shunday davom etdi, jazoirlik bokschining kuchli zarbasi Yanga imkoniyat qoldirmadi. Helif hisob bo‘yicha yaqqol ustunlikka erishib, uchinchi raundda ham peshqadamlikni qo‘ldan boy bermadi.

«Men juda baxtliman. Bu mening sakkiz yillik orzum edi va endi men Olimpiada chempioni hamda oldin medal sohibasiman. Sakkiz yil mehnat qildim, uyqusizlik, sakkiz yillik charchoq. Endi Olimpiada chempioniman. Meni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan barchaga minnatdorchilik bildirmoqchman», — deydi u.

Helif dastlabki jangda italiyalik bokschi Anjyela Karinini bor-yo‘g‘i 46 soniyada mag‘lub etib, butun dunyo e’tiborini qozongan edi. Erkaklik gormoni bo‘lgan testosteron darajasi oshib ketganida ayblangan 25 yoshli sportchi butun dunyodagi o‘ng siyosatchilar va feministkalarning tanqidlari ostida qoldi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda Helifga nafrat to‘lqinini yog‘dirdi.

Shuningdek, ayollar boksida -57 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan va Helif singari «testosteroni yuqori ekani» haqidagi xabarlardan so‘ng turnirning eng suyilmagan bokschilaridan biriga aylangan Yu Ting Lin ham Olimpiada chempioniga aylandi. 10-avgust oqshomidagi finalda Xitoy Taypeyi vakili polshalik Yuliya Sheremetaga qarshi jang qilib, oltin medalga ega chiqdi. Lin chorakfinalda Sitora Turdibekovani mag‘lub etgach, o‘zbekistonlik bokschi jangdan keyin ko‘z yoshini tiya olmay, raqibiga qo‘l berishni rad etgandi.

Jazoirlik Helif va tayvanlik Yu Ting Lin 2023-yilda «tibbiy sabab»ga ko‘ra, Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan diskvalifikatsiya qilingan. Ammo XOQ va IBA o‘rtasidagi mojaro tufayli bokschilarga 2024-yilgi olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga ruxsat berish bilan maxsus komissiya shug‘ullandi, u esa ushbu sportchilarni chetlatish uchun sabab topmadi. «Ikkisi ham qabul qilish qoidalariga va barcha tibbiy ko‘rsatkichlarga mos keladi», — deyiladi XOQ press-relizida. — Ushbu ikki sportchiga qarshi qaratilgan bunday tajovuz to‘lig‘icha IBA qaroriga asoslangan, qaysiki tegishli protseduralarsiz qabul qilingan qarorga. Holbuki bu sportchilar bunga qadar ko‘p yillar mobaynida yuqori darajadagi musobaqalarda ishtirok etib kelishgan».

Joriy hafta boshida CNTV telekanaliga bergan intervyusida Helif «Olimpiya xartiyasiga asosan barchani sportchilarni haqoratlashdan tiyilishga» chaqirdi.

«Bu odamlarni yo‘q qilib yuborishi, inson fikri, ruhi va tafakkurini o‘ldirishi mumkin», — deydi u Karini bilan jangi oqibatini yengib o‘tish oson kechmaganini qo‘shimcha qilib.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakili Mark Adams Karini bilan jangdan keyin o‘tkazilgan matbuot-anjumanida Helifning Olimpiada o‘yinlaridagi ishtiroki bo‘yicha himoyaga chiqib, uning «qiz bola bo‘lib tug‘ilgani, ayol kishi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani, butun hayotini ayol kishi sifatida yashagani, ayol sifatida boks bilan shug‘ullangani va pasportida ham ayol kishi ekani yozilganini» bildirdi.

Helif Jazoirning ayollar boksi bo‘yicha birinchi Olimpiya chempioni va 1996- yildan beri oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi ayol bokschidir.

«Men kvalifikatsiyadan o‘tamanmi yoki yo‘q, ayolmanmi yoki yo‘q, bu borada OAVda ko‘plab bayonot berdim. Men ushbu bellashuvlarda ishtirok etish uchun to‘liq kvalifikatsiyadan o‘tganman. Men ayol kishiman, xuddi boshqa ayollar kabi. Ayol bo‘lib tug‘ilganman, ayol bo‘lib yashaganman, ayol sifatida bellashdim, bu borada hech qanday shubha yo‘q — men ularni muvaffaqiyatning dushmani deb atayman. Va bu hujumlar mening muvaffaqiyatimga o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi», — deydi Helif.

Jazoirliklar Helifni to‘liq qo‘llab-quvvatladi, hatto «Manchester Siti»ning sobiq yarimhimoyachisi Riyod Mahrez ham uning Olimpiadadagi ishtirokiga muvaffaqiyat tilagan. So‘nggi 10 kun ichida Helifning Instagram’dagi obunachilari 10 barobarga oshib ketdi — 150 mingdan 1,6 millionga chiqdi.

Helif 2018-2020-yillar davomida Jahon chempionatlarining dastlabki bosqichlaridayoq chiqib ketgan. Tokio Olimpiadasidagi debyutida esa chorakfinalga qadar yetib borgan. 2022-yilda jazoirlik ayol Jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egallagan, 2023-yilda esa finalga qadar yetib borgan, biroq jang kuni uning ishtiroki bekor qilingandi. O‘shanda u Yan Lyu bilan jang qilishi kerak edi.

«Olimpiada — mening qadr-qimmatim uchun kurashdir. Ushbu medal uzoq yillik mehnatdan keyin keladi. Bu mukofot mamlakatim, barcha arab davlatlariniki. Men g‘alabamni Jazoirga, jazoirlik ayollarga va Jazoir boksiga bag‘ishlayman», — deydi Iman Halif.