Jamiyat

Namanganda fuqaro IIB xodimiga jarohat yetkazdi

Namanganda fuqaro IIB xodimiga jarohat yetkazdi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida fuqaro ichki ishlar xodimlariga jarohat yetkazdi. Bu haqda tuman IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat 20:50 da «Farg‘ona» mahallasida yashovchi fuqarolar murojaat qilib, K.Q. ismli shaxs aholi tinchligini buzayotgani va janjal qilayotganini bildirgan.

Hududga tungi xizmatga biriktirilgan ikki nafar profilaktika inspektori hodisa joyiga yetib borib, K.Q. tomonidan sodir etilayotgan bezorilik harakatlarining oldini olmoqchi bo‘lgan.

Ammo fuqaro xodimlarning qonuniy talablarini bajarmay, ularga faol qarshilik ko‘rsatgan. Qo‘lidagi xo‘jalik pichog‘i hamda yog‘och bo‘lagi bilan ularni urib, jarohat yetkazgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayblanuvchi qamoqqa olindi, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.