Iqtisod, Jahon

Rossiyada benzin eksportiga qo’yilgan taqiq uzaytirildi

Rossiyada benzin eksportiga qo’yilgan taqiq uzaytirildi

Rossiya hukumati benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 2024-yil 31-dekabrgacha uzaytirdi. «Mavsumiy talabning davom etishi va neftni qayta ishlash zavodlarida rejali ta’mirlash ishlari olib borilayotgan davrda yonilg‘i bozoridagi barqaror vaziyatni saqlab qolish uchun qaror qabul qilindi», — deb xabar qildi mamlakat vazirlar mahkamasi 14-avgust, chorshanba kuni Telegram-kanalda.

Ta’kidlanishicha, cheklov xalqaro hukumatlararo kelishuvlar bo‘yicha yetkazib berish va shaxsiy foydalanish yoki xalqaro gumanitar yordam ko‘rsatish uchun eksport qilinadigan yonilg‘iga ta’sir qilmaydi.

Rossiyada 1-martdan 31-avgustgacha benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etilgan, biroq may-iyul oylarida bu chora ichki bozorni avtomobil benzini bilan to‘ldirish va ayrim korxonalar tomonidan neftni qayta ishlash hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun to‘xtatilgan edi. Avvalroq hukumat benzin eksportini 2023-yilning kuzida cheklagan edi.

Embargo davom etishi, bozor ishtirokchilari fikriga ko‘ra, hukumatning neftni qayta ishlash zavodlariga mart oyida uchuvchisiz uchoqlar hujumi takrorlanishi xavfini bartaraf etish iloji yo‘qligini hisobga olib, bozorda narxlar keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi bilan bog‘liq, deb yozadi «Kommersant».

Ukraina armiyasi so‘nggi oylarda UUA yordamida Rossiya hududiga hujumlar sonini izchil oshirmoqda. Harbiy nishonlar bilan bir qatorda neftni qayta ishlash zavodlari va neft mahsulotlarini saqlash obektlari ko‘pincha uchuvchisiz havo hujumlari nishoniga aylanyapti.