Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2017-yildan 2021-yilgacha Uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 2021-yildan 2023-yilgacha Toshkent viloyati Nurafshon shahar hokimi lavozimida ishlagan Muzaffar Soliyevga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Soliyevga nisbatan ish joriy yil 13-mart kuni JIB Shayxontohur tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudining hukmiga ko‘ra, sobiq vazir Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) «a» va «v» bandlari hamda 209-modda (Mansab soxtakorligi) 2-qismining «a», «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim va vazir 3 yil mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan va uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.
Appelyatsiya instansiyasi shu yil 30-iyuldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Muzaffar Soliyev 2017-yil 5-iyuldan 2021-yil yanvarigacha uy-joy kommunal xizmatlar vaziri lavozimida ishlagan. U Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishdan keyin ishdan olingan edi. U 2023-yil boshida vazir lavozimidagi faoliyati bilan bog‘liq ish yuzasidan tergovga jalb etilgani xabar berilgan edi.
2021-yil 15-yanvarda esa Nurafshon shahri hokimi lavozimiga tayinlagan. Soliyev, shuningdek, faoliyati davomida mudofaa vazirining shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!