Tahlil

Milliy Gvardiya NKVD tarkibida bo’lganmi?

Milliy Gvardiya NKVD tarkibida bo’lganmi?

O‘zbek davlatchiligi tarixi va taraqqiyotining barcha bosqichlarida jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash hamda davlat ob’ektlarini qo‘riqlash muhim vazifa hisoblangan. Tarixiy manbalarda sohaga doir qabul qilingan hujjatlar asosida, mamlakatda ichki xavfsizlikni ta’minlash maqsadida faoliyat olib borgan tuzilmalarning nomi, boshqaruv strukturasi, vazifalari va xizmat faoliyati doimiy ravishda o‘zgarib borganligi kuzatiladi.

Bugungi kunda jamoat tartibini saqlash, aholi tinchligi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda ichki qo‘riqlash kabi vazifalarni amalga oshirayotan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarixi aynan shu sohaga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi boshqa kuch tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tarkibida boshlangan.

Gvardiya dastlab harbiy boshliqning shaxsiy soqchisi vazifasini o‘tagan bo‘lsa, keyinchalik gvardiyadan jangovar kuch sifatida foydalanila boshlangan hamda bu so‘z qo‘shinlarning alohida saralangan qismini anglata boshladi.

Tarixiy ma’lumotlarda jandarm turkumidagi bunday qo‘shin turidan jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, ichki qo‘riqlash maqsadida foydalanilganligi ma’lum.

O’tgan besh yillik davrda Milliy Gvardiya xodimlari jamoatchilik orasida ham muhim o’rin egalladi. Jumladan, aholi orasida tartibni saqlash, turli favqulodda holatlarda aholiga yordam ko’rsatish kabi ishlarda faol ishtirok etmoqda. Keyingi paytlarda aholi Milliy Gvardiya xodimlarini kuch ishlatar tizim vakili deb emas, aksincha qiyin vaziyatlarda ko’mak beruvchi o’zlarining xoloskori deb bilishadi.

1918-yil 28-noyabrda Turkiston Respublikasida Ichki va tashqi ishlar komissarligi tashkil etilishi bilan, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan davlat organlari faoliyatida yangi davr boshlangan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy qism va harbiy xizmatchilarning unvonlariga gvardiya, gvardiyachi so‘zlari qo‘shilganligiga guvoh bo‘lamiz. Aslida buning Ichki qo‘shinlarga bevosita daxli bo‘lmasdan, urush yillarida chidamli, uyushgan va intizomiy askariy qismlarga faxrli gvardiya unvonini berish an’anasi mavjud bo‘lib, bunday unvonga SSSR Qurolli Kuchlarining aksariyat qo‘shinlari tarkibidagi qism va harbiy xizmatchilar sazovor bo‘lishgan.

Ikkinchi jahon urushi arafasida O‘zbekistonda tuzilgan, keyinchalik boshqa shaharlarga ko‘chirilgan NKVD Ichki qo‘shinlarining tuzilmalari, ayniqsa Toshkent va Farg‘ona shaharlarida tuzilgan polklar haqida ilgari uchramagan ma’lumotlarga ega bo‘lindi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining mustaqillik davridagi tarixi qator islohotlarda o‘z aksini topdi.

«O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunga, «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi haqida»gi 1991-yil 21-dekabrdagi Shartnomaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 10-yanvardagi “SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari va o‘quv yurtlari to‘g‘risida” PF-318-son Farmoni (Ilova №8) asosida SSSR Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlarining O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan qo‘shilmalari, alohida qismlari va bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasining yurisdiksiyasiga olindi va respublika Ichki ishlar vazirligi qaramog‘iga o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yildagi qator farmonlari asosida maxsus bo‘linmalarning nizomlari tasdiqlanib, alohida tuzilmalarga oid kompleks masalalar tartibga solindi. 2006-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan mazkur bo‘linmalar faoliyati takomillashtirildi va hududiy xususiyatlarni inobatga olgan maxsus bo‘linmalar tarkibida alohida tuzilmalar tashkil etildi.

Mazkur tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yildagi Qarori asosida nom va tuzilma jihatdan o‘zgartirilib, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibida ichki vazifalarni bajarishga mas’ul bo‘linma sifatida qayta tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yildagi qarori asosida “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi hamda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunlariga muvofiq, shuningdek, turli noqonuniy xatti-harakatlar, jinoyatlardan xabardorlik va uni oldini olish, huquqbuzarliklar, qonunlarga qarshi xatti-harakatlar va mamlakat xavfsizligiga tahdidlarni oldini olishda Ichki ishlar vazirligining jangovar xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibidagi ichki vazifalarni bajarishga mas’ul bo‘linma Ichki ishlar vazirligining tarkibiga o‘tkazildi va ayni masalalarga mas’ul etib belgilandi.

Ichki qo‘shinlarning keyingi taqdiri esa jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir vazifalarga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Quroll Kuchlari qo‘shinlarining maxsus turi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tashkil etilishi bilan bog‘langan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini himoya qilish, fuqarolarning konstitutsion huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi IIV Ichki vazifalarni bajaruvchi bo‘linmasi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining maxsus brigadasi bazasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvarliyasi faoliyatini tartibga solish maqsadida 2020-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi 647-sonli Qonuni qabul qilindi va 2021-yilning 17-may kunidan rasman kuchga kirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-martdagi Farmoni bilan general-mayor R.M.Djurayev O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni etib tayinlangan.

Qo‘riqlash xizmati faoliyati

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘riqlash xizmatining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi 555-sonli Qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qo‘riqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarkibiga o‘tkazildi.

Qaror asosida quyidagilar Qo‘riqlash xizmati faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan:

  • davlat ob’ektlari, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa ob’ektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini shartnoma asosida qo‘riqlashni tashkil etish;
  • davlat qo‘riqlash tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish, qo‘riqlash bo‘linmalarida nazorat tekshiruvlarini o‘tkazish, idoraviy qo‘riqlash bo‘linmalari ob’ektlarida ichki rejim va ruxsat berish rejimiga rioya etilishiga doir ishlarni nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish;
  • qo‘riqlanayotgan ob’ektlarda ichki rejim, ruxsat berish rejimlari va mol-mulkni qo‘riqlashni, jamoat tartibini saqlashni hamda huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etishga ko‘maklashishni ta’minlash;
  • qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish, qo‘riqlash vositalari va tizimlarini qo‘llash sohasida yagona texnik siyosatni hamda ulardan foydalanish bo‘yicha samarali nazoratni amalga oshirish;
  • aholining O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash xizmatidan foydalanishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan axborot-tushuntirish mazmunidagi targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini amalga oshirishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini quyidagi xizmat turlari orqali ishonchli qo‘riqlanishini ta’minlaydi:

– texnik qo‘riqlash markazlari ishtirokida;

– saf bo‘linmalari yordamida;

– harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari orqali;

– qorovul bo‘linmalari ishtirokida;

– tashvish tugmalari yordamida;

– ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni yong‘indan ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari orqali qo‘riqlash;

– kirib-chiqish nazorati va boshqaruv qurilmalari bilan ishlash;

– kabelli kollektorlar va magistrallar qurilmalarini qo‘riqlash;

– uzoq masofalardan aniqlaydigan qurilmalar yordamida ob’ektlarni qo‘riqlash;

– telefon aloqasi mavjud bo‘lmagan joylarda GSM uyali aloqa kanallari orqali qo‘riqlashni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4997-son Qarori bilan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘riqlash xizmati O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.