«Parij-2024» olimpiadasi oltin medali sohibasi, O‘zbekiston ayol sportchilari orasida birinchi olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova Samarqandda tantanali kutib olindi.
Prezident sovg‘asi – “Tahoe” avtomashinasida tug‘ilib o‘sgan yurtiga kelgan chempionni yo‘lda yurtdoshlarimiz olqishlar bilan kuzatdi.
Pastdarg‘om tumani markazidagi “Yangi O‘zbekiston” maydonida o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimligi Diyora va uning oila a’zolari, ustozlariga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdilar.
Viloyat hokimining o‘rinbosarlari Rustam Qobilov hamda Husan To‘xtayev, Pastdarg‘om tumani hokimi Sherzod Rahmonov Diyorani tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi. Dzyudo bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, Olimpiada o‘yinlari g‘olibi Diyora Keldiyorova ustozlariga, uni qo‘llab-quvvatlagan barcha yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirdi.
«Bu nafaqat mening, balki mening ortimda turgan, qo‘llab-quvvatlagan oila a’zolarim, ustozlarim va butun xalqimizning, sizlarning g‘alabangizdir», – dedi Diyora Keldiyorova.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!