Jahon

“Krokus” teraktida ayblanganlardan birini tergov izolyatoridan ozod qilish so‘ralmoqda

“Krokus” teraktida ayblanganlardan birini tergov izolyatoridan ozod qilish so‘ralmoqda

Rossiyaning Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida uyushtirilgan teraktda ayblanayotgan Muhammadsobir Fayzovni hibsga olish muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar uni tergov izolyatoridan ozod etilishi so‘raldi. Bu haqda “Lenta.ru” xabar berdi.

Gumonlanuvchining himoyachisi uning sog‘lig‘iga ishora qilgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u og‘ir yaralangan va nogironlar aravachasida harakatlanmoqda. Ma’lumki, Fayzov qo‘lga olish vaqtida tan jarohati olgan.

Fayzovning advokati Inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga ishora qildi.

Advokatning fikricha, sud gumonlanuvchini hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qilishda uning sog‘lig‘ini e’tiborga olmagan.

“Fayzov nogironlar aravachasida harakatlanadi, davolanishga muhtoj, Fayzovning tergov va sudga chiqishi boshqa ehtiyot choralari bilan ta’minlanishi mumkin”, deyiladi hibsga olish ustidan berilgan shikoyatda.

Ma’lum bo‘lishicha, may oyida ham advokat suddan Fayzovga nisbatan qamoqqa olishni bekor qilish va boshqa ehtiyot chorasini tanlashni so‘ragan. U Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga ishora qilgan. Keltirilishicha, ayblanuvchi sudga zambilda olib kelingan va u sudya va jarayonning boshqa ishtirokchilari bilan qo‘l ishorasi bilan muloqot qilgan.

Biroq sud advokatning dalillarini ishonchli deb topmagan.

Voqeaga qadar sartarosh bo‘lib ishlagan Fayzovning hibsga olish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi apellyatsiyani ko‘rib chiqqan Moskva shahar sudi uning tergov izolyatorida saqlanishi uchun hech qanday tibbiy kontrendikatsiyaga ega emas deb hisobladi.

“Jinoyat ishini tergov qilishda dastlabki tergovning samarasizligi va byurokratiya haqida hech qanday ma’lumot aniqlanmagan”, deyiladi Moskva shahar sudi qarorida.

Ikki kun oldin, 16-avgust kuni Moskvaning Basmanniy tuman sudi Fayzovni, shuningdek, “Krokus” teraktini uyushtirishda ayblanayotgan yana uch kishini hibsda saqlash muddatini uch oyga uzaytirdi. Ular joriy yil 22 noyabrgacha hibsda qoladi.

“Ish bo‘yicha tergov muddati 22 noyabrgacha uzaytirildi. Muddat uzayishi ish bo‘yicha tergov harakatlarining katta hajmi bilan bog‘liq”, deya tushuntirdi ayblanuvchilardan birining himoyachisi Oleg Vlasov.

Shu bilan birga, terakt ijrochilariga yana ikkita modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Endi ular Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi 3-qismi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tish) va 205-moddasi 5-qismi (Terroristik tashkilot faoliyatida ishtirok etish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Ish materiallarida aytilishicha, konsert zalida bo‘lgan to‘rt nafar hujumchi ham “Viloyat Xuroson” terrorchilik guruhi a’zolaridir.

19 yoshli Muhammadsobir Fayzov bungacha Ivanovodagi sartaroshxonada sartarosh bo‘lib ishlagan.

Teraktdan keyin muassasa egasi tahdidlardan shikoyat qilgan. Tashkilotning ta’kidlashicha, sartarosh ular uchun bir necha hafta sinov muddati bilan ishlagan. 2023-yilning noyabr oyidan beri u bilan aloqa qilinmagan. Shunga qaramay, sartaroshxonaga o‘lim tahdidi bilan qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan va ijtimoiy tarmoqlarda xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan salbiy sharhlar qoldirilgan.

Sartaroshxona egasining aytishicha, Fayzov ular bilan 2023-yil noyabridan 2024-yil yanvarigacha stajirovkada bo‘lgan, keyin u maoshidan qoniqmagani uchun ketgan.