Samarqandda togʻga aylangani chiqqan 18 yoshli yigit adashib qoldi.
Yoʻldan adashgan fuqaroga amaliy yordam koʻrsatildi. Bu haqda Samarqand FVB matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning 17 avgust kuni soat 21:25da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 1 nafar fuqaro Samarqand tumani Mironqul mahallasidagi togʻlarda dam olish maqsadida chiqib, yoʻldan adashib qolganligini maʼlum qilib, pastga tushub olishda yordam soʻrab murojaat qilgan.
Xabarga asosan, zudlik bilan qidiruv-qutqaruv ishlariga Maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadining bir guruh qutqaruvchilari jalb qilingan. Qutqaruvchilar tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 avgustga kuni soat 01:30 da 2006 yilda tugʻilgan fuqaro I.A “Mironqul-Ohalik” togʻining dengiz sathidan 1000 metr balandlikdan topilgan.
Ushbu fuqaroning xavfsizligi taʼminlangan holda togʻdan pastga olib tushilgan. Fuqaroning sogʻligʻi yaxshi, unga hech qanday tan jarohatlari yetmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!