Jamiyat

Toshkentda Captiva haydovchisi IIO xodimini urib, unga tan jarohati yetkazdi

Toshkentda Captiva haydovchisi IIO xodimini urib, unga tan jarohati yetkazdi

Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimiga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatish holati aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 19-avgust tungi soat 02:00 larda Bektemir tumanidagi bozor hududida tungi xizmatga jalb qilingan Bektemir tumani IIO FMB PPX inspektori safdor J.Rajabov transport vositasi to‘xtab turish taqiqlangan joyga qo‘yilganligi holatini aniqlagan.

Ushbu transport vositasi boshqa transport vositalarining erkin harakatlanishiga xalaqit berganligi sababli J.Rajabov Captiva rusumli avtomashina egasini chaqirtirgan va transport vositasini olib qo‘yishini so‘ragan. Biroq, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro IIO xodimining qonuniy talabini bajarmasdan, unga faol qarshilik ko‘rsatib, safdor J.Rajabovni urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.