Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning ovqatdan zaharlanishi qayd etildi. Bu haqda bolalar ombudsmaniga xabar kelib tushgan.
Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan mazkur holat o‘rganilganda holat 2-avgust kuni sodir bo‘lgani aniqlandi. Xususiy bog‘chada tarbiyalanayotgan I.F. (qiz bola, 2020-yilda tug‘ilgan) va S.T. (qiz bola, 2019-yilda tug‘ilgan) tana harorati ko‘tarilgani sababli ota-onasi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Bolalar ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan gumonlanib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat bo‘yicha shu kunning o‘zida ushbu nodavlat ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan 14 nafar bola ham tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida shifokorlar kuzatuviga olinib, zarur muolajalar olib borilgan. Ularda sog‘lig‘idan shikoyatlar aniqlanmagani tufayli uylariga javob berilgan.
Shuningdek, epidemiologik surishtiruv davomida bolalarga nonushta payti berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olingan.
Qayd etilishicha, hozirda Paxtakor tumani prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tayinlangan tegishli ekspertiza natijasidan kelib chiqqan holda prokuratura tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!