Jamiyat

“Katta og‘a seni kuzatadi”

“Katta og‘a seni kuzatadi”

Endilikda yashash hududingizdan boshqa hududga vaqtinchalik yashash uchun boradigan bo‘lsangiz, 10 kun ichida mas’ul organlarni xabardor qilishingiz kerak bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi bir qarashda “прописка” rejimini butun mamlakat bo‘yicha qaytarishga o‘xshab ketadi.

Bugun siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda boshqa masalalar bilan bir qatorda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi palata yalpi majlisiga birinchi o‘qishda kiritish uchun ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasida qiziq jihatlar bor. Masalan, fuqarolarimiz o‘z yashash hududidan boshqa hududga vaqtinchalik yashash uchun borsa, 10 kun ichida mas’ul idoralarni ogohlantirishi kerak bo‘ladi. Avvallari bu muddat 15 kun edi. Qonun ijodkorlari esa, deputatlarning “bu xabar berish tizimi qanday bo‘ladi?” degan savoliga javob bera olishmadi. Ya’ni bu ogohlantirish tizimi qanday tashkil qilinishi noma’lum.

Buning ustiga, hatto xorijliklar hech qanday vizasiz bir oylab yurgan joyida o‘zimizning fuqarolarga bunday talab qo‘yishdan maqsad nima? Huquq-erkinliklarni ta’minlash, deyildi. Jorj Orvelning mashhur “1984” asaridagi kabi fuqaroning har bir qadamidan xabardor bo‘lish uning huquqlarini cheklamaydimi?