Jahon, Siyosat

Putinning Bokuga tashrifi: Ukrainaga yordam berayotgan do‘stlarnikiga safar

Putinning Bokuga tashrifi: Ukrainaga yordam berayotgan do‘stlarnikiga safar

Ozarboyjonda barcha ham Vladimir Putinning tashrifidan xursand emas. Bu tarixiy xotira bilan ham, Ukrainadagi urush bilan ham bog‘liq. Ammo Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘z hamkasbini oila davrasida kutib oldi, bungacha Ukraina tarafda turib jang qilgan ozarboyjonliklardan faxrlangan hukumatparast nashrlar esa endi Putinni maqtamoqda.

«Rossiya propaganda mashinasi uning armiyasi tomonidan o‘ldirilganlar dafn etilgan Shahidlar xiyoboni nomini ham ayta olmaydi» — ozarboyjonlik blogerlardan biri Russia Today Rossiya prezidenti go‘yoki Ikkinchi jahon urushi qurbonlari yodgorligidagi mangu olovga guldasta qo‘ygani haqida yozganidan shunday norozilik bildirdi.

Aslida u gullarni 1990 -yil yanvarida sovet armiyasi mustaqillik mitingini jangovar qurol va tanklar orqali bostirishi vaqtida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan Shahidlar xiyoboni hududidagi mangu olovga gul qo‘ygandi. O‘shanda yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Rossiyalik propagandachilar videosining so‘nggi soniyalarida Rossiya rahbari ortida qator qabrlar ham ko‘rinadi.

Bu voqeani Bokudagilar «qora yanvar» deb atashadi, millatchilar esa o‘z imperiyasi parchalanishini kuch bilan to‘xtatishga uringan Rossiyani yoqtirmaslik uchun sabab sifatida eslatishadi.

Putinni Boku ko‘chalarida Rossiya bayroqlari bilan qarshi olishmadi. Ammo Ozarboyjonda Rossiya yoki Putinga nisbatan keskin salbiya munosabat bor deb ham bo‘lmaydi, bu o‘rinda ancha chigal vaziyat yuzaga kelgan.

Barchasi murakkab

2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganida, Bokuda Ukrainani qo‘llab-quvvatlab tinch aksiyalar o‘tkazilgandi. Bu politsiya odatda yakkalik piketlarni ham qattiqqo‘llik bilan bartaraf etadigan Ozarboyjonga xos holat emasdi. O‘shanda esa faollar avval Ukrainaning, keyin esa Rossiyaning elchixonasiga borishganida politsiyachilar o‘zini chetga olgandi.

Ozarboyjon Ukrainadagi urush borasida rasmiy bayonotlar bermagan bo‘lsa-da, ushbu mamlakat urush ichida qolgan hududga insonparvarlik yordami yuborgan, mahalliy matbuot esa ozarboyjonliklar Ukraina tomonida turib jang qilayotgani haqida ijobiy ohangda yozgandi. Harbiy harakatlar hududida chindan ham ozarboyjonliklar bor – «Aydar» batalyonida, «Gurjiston batalyoni»da va boshqa bo‘linmalarda, hatto Ukraina qahramoni unvonini olgan ozarboyjonliklar ham topiladi.

Ayrim kuzatuvchilar iqtisodiyoti Rossiya bilan chambarchas bog‘liqligi tufayli Ozarboyjon ochiqchasiga Ukrainani qo‘llab-quvvatlay olmasligini aytishadi.

Rossiya bilan qalin aloqalar

Pandemiya va urushga qadar o‘rtacha har yili Ozarboyjondan Rossiyaga chiqqanlar soni Rossiyadan Ozarboyjonga kirganlar sonidan 10 ming kishiga oshib ketgandi.

Ozarboyjon davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, Rossiya urushga qadar ham, hozir ham ozarboyjonliklar eng ko‘p boradigan mamlakat bo‘lgan. 2023 yilda bundaylar soni 600 mingdan oshiqni tashkil etgan.

Ozarboyjonning MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasining uchdan ikki qismi (4,4 milliard dollar) Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Asli ushbu mamlakatdan bo‘lgan qator yirik tadbirkorlar Ozarboyjon bilan yaqin aloqalarga ega.

Bundaylar sirasiga biznesmen Farhod Ahmedovni kiritish mumkin, o‘tgan yili uning Iosif Prigojin bilan telefonda Putin haqida gaplashgani audiosi internetga sizib chiqqandi. Ozarboyjon prezidentining qizining sobiq turmush o‘rtog‘i Emin Agalarov — rossiyalik yana bir yirik tadbirkor, Crocus City Hall egasi Araz Agalarovning o‘g‘lidir.

Shuningdek, Bokuda, Yerevan va Tbilisidagidan farqli o‘laroq, ko‘plab universitetlarda va deyarli har bir maktabda to‘liq rus tilida o‘qish imkoniyati bor. Poytaxtda yuqori maosh to‘lanuvchi ishga kirish uchun esa ko‘p hollarda rus tilini bilish zarur hisoblanadi.

Shu tariqa, barcha kelishuvmovchiliklarga qaramay, Ozarboyjonda Putinga nisbatan kuchli dushmanlik yo‘q, Ukraina tomonida turib urushgan askarlar haqida faxrlanib yozgan hukumat ta’siridagi matbuot esa Rossiya prezidenti haqida iliq so‘zlar aytib, uni Ozarboyjonning do‘sti deb atamoqda. U davlat tashrifi bilan kelgan, ozarboyjonlik hamkasbi va uning rafiqasi esa uni oila mehmoni sifatida kutib olgan va Putin ko‘ylagining tugmasini bo‘shatgancha, stol ortida o‘zini juda erkin tutib o‘tirishi mumkin bo‘lgan.