Sirdaryo viloyat IIB axborot xizmatining “Daryo”ga bildirishicha, erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilning 21-avgust kuni Guliston shahar navbatchilik qismiga kelib tushgan xabar yuzasidan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlariga ko‘ra, Guliston shahrida yashovchi fuqaro Q.B turmush o‘rtog‘i fuqaro N.E (ayol) bilan rashk oqibatida o‘zaro janjallashib qolgan. Natijada erkak xotini tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Sochlarini olib tashlagan, — deydi viloyat IIB axborot xizmati bergan ma’lumotda.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaro Q.B. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 1-qismi 4-bandi (jinoyat sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lmagan va ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sog‘liqning uzoq vaqt, ya’ni kamida yigirma bir kun, ammo to‘rt oydan ko‘p bo‘lmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining o‘n foizidan o‘ttiz uch foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Guliston shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Daryo” bilan muloqotda bo‘lgan ayolning tanishiga ko‘ra, eridan ayovsiz kaltak yegan Nilufar ahvoli abgor holda 20-avgust kuni yarim tunda uning uyiga kelgan.

Eri qaysidir maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Nilufar anchadan beri shu tarzda kaltaklanib keladi.

Ammo hech qayerga shikoyat qilmaydi. Mening uyimga qochib kelgan kuni ham uch kun davomida bog‘lab qo‘yilganini, og‘zi skotch bilan o‘ralgan holda uch kun och qolganini, to‘rtinchi kuni amallab uydan qochib chiqqanini aytdi, degandi suhbatdosh.