Hokim yordamchisi mahalliy tadbirkorlar bilan til biriktirib, bankdan kredit olishga erishgan.
Shahrisabzda kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
DXXning Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruv tadbirlari davomida qonunbuzilish holati aniqlandi.
Jumladan, Shahrisabz shahridagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi F.A. mansab mavqeidan foydalanib, toʻqimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati uchun texnikalar ulgurji savdosiga ixtisoslashgan MChJ rahbari R.M. bilan til biriktirgan. U 2022-2023 yillarda naslli chorva mollari sotib olish, parrandachilik, asalarichilik, tikuvchilik, issiqxona tashkil etish va boshqa maqsadlarda 14 nafar fuqaro nomidan imtiyozli kredit olish uchun shartnoma va hisob-faktura hujjatlariga elektron raqamli imzo orqali soxta maʼlumotlar kiritgan holda aksiyadorlik tijorat bankiga taqdim etishgan.
Natijada, bank tomonidan 440,3 mln. soʻm kredit mablagʻi ajratilgan.
Bundan tashqari, hokim yordamchisi boshqa MChJ rahbari X.S. bilan ham kelishib, 25 nafar fuqaro nomidan soxta maʼlumotlar taqdim etish orqali ATBdan 733,3 mln. soʻm kredit mablagʻi ajratilishiga erishgan.
Shu tariqa, jami 1 mlrd. 173,6 mln. soʻm kredit mablagʻi talon-toroj qilingan.
Hozirda hokim yordamchisi, MChJ rahbarlari hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksininng 167 va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!