Yangiliklar

Husiylar Qizil dengizda yunon kemasiga hujum qildi

Husiylar Qizil dengizda yunon kemasiga hujum qildi

Yamanning Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlangan «Ansorulloh» harakati (husiylar) Qizil dengizda Yunonistonning MV Sounion neft tashuvchi kemasiga uyushtirilgan hujumi tasvirlarini e’lon qildi.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda Yunoniston kemasiga qilingan hujum va urilgandan keyin uning alangalanishi aks etgan video tarqaldi.

Husiylar ushbu hujum «Isroil portlariga kirish taqiqini buzganligi» munosabati bilan amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Oʻz navbatida, Britaniyaning Sanadagi elchisi Abda Sharif hujumga uchragan kema ekipaji qutqarilgani, katta zarar koʻrgan kema Qizil dengizda qolib ketganini ma’lum qildi.

The Telegraph nashrining yozishicha, AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning 2023-yil dekabr oyida Qizil dengiz janubidagi tijoriy kemalarga husiylarning hujumlariga javoban boshlangan “Farovonlik qoʻriqchisi” operatsiyasi ish bermadi.

Qayd etilishicha, operatsiyadan maqsad husiylarni keyingi hujumlardan qaytaradigan yagona xalqaro jabhani ta’minlash bo’lgan. Bundan tashqari, xavf va sugʻurta xarajatlari bilan bogʻliq xavotirlar tufayli Umid burni atrofidagi uzoq yoʻlni bosib oʻtishni boshlagan yuk tashish kompaniyalarini ishontirish uchun moʻljallangan edi.