Yangiliklar

Ortiqxo‘jayev hukumatga qaytyaptimi?

Ortiqxo‘jayev hukumatga qaytyaptimi?

Kecha, 23 avgust kuni Ozarbayjon va O‘zbekiston Prezidentlari ishtirokida mamlakat ishbilarmon doira vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda Toshkent shahrining sobiq hokimi, taniqli tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qatnashdi. 

Ortiqxo‘jayev 2023 yilning 16 yanvar kuni lavozimidan ozod etilganidan keyin hukumat tadbirlarida ko‘rinish bermayotgan edi.

Sobiq shahar hokimi uchrashuvda boshqa tadbirkorlar qatorida emas, balki Shavkat Mirziyoyevning chap tomonidan ikkinchi bo‘lib Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning yonida o‘tirgan.

U kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda birinchi marta mamlakat miqyosidagi Prezident ishtirokidagi tadbirda qatnashgan edi.

Bugungi ishbilarmon doira vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ortiqxo‘jayevdan tashqari tadbirkor Zafar Hoshimov va ERIELL Group boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov ham qatnashgan.

E’tiborli jihati shundaki, uchrashuvda Ozarbayjon Prezidentining sobiq kuyovi Emin Agalarov ham qatnashdi.

Ma’lumot uchun, Emin Agalarov Ilhom Aliyevning qizi Leyla Aliyevaning sobiq turmush o‘rtog‘i. Ular 2006-2015 yillar birga yashagan. Uch nafar farzandi bor. Sobiq kuyov nafaqat xonanda, balki Agalarov Development kompaniyasi vitse-prezidenti ham.