Jahon

Qirg‘izistonda «Salimboyvachcha»ni moliyalashtirishda gumonlanayotgan sobiq deputat qidiruvga berildi

Qirg‘izistonda «Salimboyvachcha»ni moliyalashtirishda gumonlanayotgan sobiq deputat qidiruvga berildi

Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida Jogorku Kenesh sobiq deputati Nurg‘ozi Aydarov qidiruvga berildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, Kaktus.media xabar berdi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, Aydarov tomonidan xalqaro uyushgan jinoiy guruh a’zolari hamda Salimboyvachcha nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Salim Abduvaliyev faoliyatini moliyalashtirish faktlari aniqlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Nurg‘ozi Aydarov Abduvaliyevning noqonuniy faoliyati va kriminal avtoritet Qamchibek Qo‘lboyev bilan yaqin aloqalari haqida bilgan holda, O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtida unga har tomonlama «hurmat-ehtirom ko‘rsatgan». O‘z navbatida ular Aydarovning Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududida amalga oshirgan tadbirkorlik va boshqa faoliyatiga «homiylik qilgan».

Bishkek shahrining Oktyabr tumani sudi qarori bilan Aydarovga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi, u ham jinoiy javobgarlikka tortish uchun davlatlararo va Interpol orqali qidiruvga berildi.