Jamiyat, Jinoyat

Toshkent viloyatida 7 oyda 840 ming dekalitr alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilgan

Toshkent viloyatida 7 oyda 840 ming dekalitr alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilgan
Alkogol va tamaki sohasini tartibga solish borasida qabul qilingan Farmon va Qarorlarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish hamda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish Inspeksiyasi boshlig‘i O‘.Qobilov Toshkent viloyatidagi alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda bo‘ldi.

Ayni kunda Toshkent viloyatida 14 ta iste’mol etil spirti va alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar mavjud bo‘lib, joriy yilning o‘tgan 7 oyida ularda 840 ming dekalitr alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Uchrashuvda ishlab chiqarish faoliyati, texnik va texnologik talablarning ijrosi, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilish holatlari hamda ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar yaqindan o‘rganildi.

Korxona vakillari va ishchi-xodimlarga alkogol va tamaki bozorini tartibga solish maqsadida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, iste’mol va etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini lisenziyalash tartibi, onlayn raqamlashtirish hamda integrasiya tizimining qulayliklari xususida to‘liq ma’lumotlar berildi.

Ayni paytda sohada sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida raqamlashtirish, GPS axborot tizimlarini hamda integrasiyani joriy etilishi iste’molchiga qonuniy va sifati kafolatlangan mahsulotlarni sotib olishda, insonlar hayoti va salomatligini muhofaza qilishda, jamoat nazorati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu esa, yashirin iqtisodiy faoliyatni oldini olish, biznesda daromadlarning o‘sishi, jarayonlarni optimallashtirish va harajatlarni kamaytirish, ta’minot zanjiri bo‘ylab mahsulotlarning harakatlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga kirishga imkon yaratadi.

Natijada sohada sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, qonuniy tadbirkorlik rivoji orqali soliq va bojxona to‘lovlari to‘liq ta’minlanadi.

Inspeksiya tomonidan mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot tadbirlari Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.