Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi Fransiyada qoʻlga olingan Telegram asoschisi Pavel Durovga barcha konsullik xizmatlarini zudlik bilan koʻrsatishga va Parijga tegishli soʻrov yuborishga tayyorligini ma’lum qildi.
Ma’lumki, milliarder toʻrt davlat (Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, BAA va Karib dengizidagi Sent-Kits va Nevis) fuqaroligiga ega.
Abu-Dabi Parij aeroportida qoʻlga olingan vatandoshi ishini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi. Diplomatik muassasa bayonotida BAA rasmiylari uchun mamlakat fuqarolari farovonligi va ularning manfaatlarini himoya qilish birinchi oʻrinda ekani qayd etiladi.
Avvalroq Fransiya prokuraturasi Durovga nisbatan dastlabki tergov iyul oyi boshida boshlanganini ma’lum qilgandi. U Telegramdan foydalanish bilan bogʻliq oʻndan ortiq jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Ular orasida hukumatga ma’lumotlarni taqdim etmaslik ham bor.
Kuzatuvchilar messenjer asoschisiga qarshi ishning asosiy “mijozi” Amerika Qoʻshma Shtatlari boʻlishi va shu tariqa bir vaqtning oʻzida bir nechta maqsadlarni, jumladan, Telegram nazoratini qoʻlga kiritishni ham koʻzda tutganini ta’kidlamoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!