Fargʻonada jazo oʻtayotgan erkak mast xolda IIB xodimini pichoqlab oʻldirdi.
Fargʻona viloyati Dangʻara tumanida oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan xodim fuqaro tomonidan pichoq bilan hujum qilinishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Unga koʻra, 26 avgust kuni soat 20:45 larda Dangʻara tumani IIB profilaktika katta inspektori N.M. oʻz vakolati doirasida muqaddam sudlanib, soat 18:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyini tark etmaslik taqiqi bilan ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan fuqaroni uyiga borib, tekshirgan.
Biroq fuqaro xonadonida yoʻqligini, jazoni oʻtash tartibini buzganini aniqlagan. Shu vaqtda fuqaro mast holda yashash xonadoniga tashqaridan kelib, baqir-chaqir qilib, janjal koʻtargan. Xonadonda boʻlgan oshxona pichogʻini olib, kutilmaganda xodimning koʻkrak qafasiga sanchib, unga ogʻir tan jarohati yetkazgan hamda voqea joyidan yashiringan.
Profilaktika inspektori koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, shifoxonada vafot etgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro qoʻlga olindi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!