Tegishli taklif Rossiyadagi Yevrosiyo xalqaro universiteti rektori Konstantin Klimenko tomonidan ilgari surilgan.
«Shaxsan men Pavel Durovni buyuk shaxs deb hisoblayman. U yangi raqamli texnologiyalar davrining yetakchisi hisoblanadi. Menimcha, Durov Nobel mukofotiga loyiq. Shuning uchun Nobel qo‘mitasiga Pavel Durovga Nobel mukofotini berish to‘g‘risida rasmiy taqdimot yubordim», deydi Klimenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus allaqachon Osiyo va Afrika mamlakatlarining bir qator universitetlari va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
«Shuningdek, men BRIKS Dubay investitsiya forumi tashkiliy qo‘mitasi raisi sifatida Pavelni ushbu forumning faxriy mehmoni va spikeri bo‘lishga taklif qildim. Taklifni qaytarib olish niyatim ham yo‘q. Agar Fransiya hukumati Durovni qamoqdan chiqarmasa, Pavelga masofadan turib BRIKSning Dubay forumida ishtirok etish imkoniyati beriladi», deya xulosa qildi u.
Telegram kompaniyasi munosabati
Kompaniyaning ta’kidlashicha, Telegram “Yevropa Ittifoqi qonunlariga to‘liq rioya qiladi”, kontentni moderatsiya qilish esa “soha standartlariga mos kelib, doimiy ravishda takomillashtirilmoqda”. Shuningdek, kompaniya bosh direktorining “yashirish uchun hech narsasi yo‘qligi va u muntazam ravishda Yevropa bo‘ylab sayohat qilishi” aytilgan.
Durov yoki platforma Telegram foydalanuvchilarning suiiste’molliklari uchun javobgar ekani haqidagi da’volarni Telegram jamoasi “absurd” deb atagan.
“Butun dunyo bo‘ylab qariyb bir milliard foydalanuvchi Telegramni aloqa vositasi va muhim ma’lumotlar manbai sifatida ishlatadi. Biz ushbu vaziyatning tez orada hal etilishini kutmoqdamiz. Telegram har doim siz bilan”, deyiladi munosabatda.
Fransiya prezidenti nima demoqda?
“Pavel Durov hibsga olinganidan keyin Fransiya haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni o‘qiyapman. Fransiya so‘z va muloqot erkinligi, innovatsiyalar va tadbirkorlikka sodiqdir. Telegram rahbarining Fransiya hududida hibsga olinishi davom etayotgan sud tergovi doirasida amalga oshirildi”, dedi Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Durovning hibsga olinishi
Telegram asoschisi 24-avgust kuni Ozarbayjondan Parijga shaxsiy samolyotida borganda Le Burje aeroportida qo‘lga olingani xabar berilgandi. U fransuz huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan Telegram’da kiber va moliyaviy jinoyatlar masalalarida hamkorlik qilishdan bosh tortganlikda ayblanmoqda. Fransiya politsiyasi vakiliga ko‘ra, Durov hozirda milliy kiberjinoyatchilik va firibgarlikka qarshi kurash boshqarmasi tomonidan tergov qilinmoqda. Messenjer asoschisi hamon hibsda saqlanmoqda.
Ma’lumot uchun Telegram asoschisi Rossiyadan tashqari, Sent-Kits va Nevis, BAA va Fransiya fuqaroligiga ega. Amirliklar va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Fransiyani ularning ham fuqarosi hisoblangan Durovga konsullik xizmatini taqdim etishni so‘ragan.