Yangiliklar

Ilhom Aliyevning sobiq qoʻriqchisi Turkiyada oʻlik holda topildi

Ilhom Aliyevning sobiq qoʻriqchisi Turkiyada oʻlik holda topildi

Ozarbayjon prezidentining sobiq qoʻriqchisi Turkiyada oʻlik holda topildi.

27 avgust kuni Turkiyaning Qushadasi shahridagi mehmonxonalardan birida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq qoʻriqchisi oʻlik holda topildi. Bu haqda “Turkiye” nashri xabar berdi.

Besh yulduzli mehmonxonada 50 yoshli Mahir Mamedovning jasadi turmush oʻrtogʻi tomonidan aniqlangan. Mamedov oilasi bilan Qushadasiga dam olish uchun borgan. U nonushtadan keyin xonasiga koʻtarilgan, xotini bilan oʻgʻli esa aylangani ketgan va qaytib kelganida xonada jasadni aniqlagan.

“Xabar olingach, mehmonxonaga 112 tez tibbiy yordam brigadasi va politsiya yuborildi. Tibbiyot xodimlari oʻtkazgan koʻrik natijasida Mahir Mamedovning vafot etgani aniqlandi. Maʼlum muddat Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning shaxsiy qoʻriqchisi boʻlgan Mahir Mamedov oʻlimining sababini aniqlash uchun uning jasadi Izmirdagi sud-tibbiyot oʻlikxonasiga yuboriladi va u yerda murda yorib koʻriladi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.