Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Telegram asoschisi Pavel Durovning Parijga kelganidan bexabar bo‘lganini va u bilan uchrashishni rejalashtirmaganini ma’lum qildi. Bu haqda «Le Figaro» xabar berdi.
“Mamlakatimizda hokimiyatlar bo‘linishi bor, shuning uchun ham men uning kelishidan bexabar edim”, degan Prezident Makron.
Joriy yilning 27 avgust kuni «Lye Canard» gazetasi 24 avgust kuni Parijdagi Le Burje aeroportida hibsga olinganida Pavel Durov Makron bilan kechki ovqat qilishi kutilayotganini yozgan edi.
29 avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Makron Durovga Fransiya fuqaroligini berishni mutlaqo maqbul deb bilishini ham ta’kidladi. Makronning bildirishicha, fuqarolikka qabul qilish qarori fransuz tilini o‘rganishga harakat qiladigan va «dunyoda porlayotgan» ayollar va erkaklar uchun to‘liq qabul qilingan strategiyaning bir qismidir.
Gazetaga ko‘ra, mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron, shuningdek, Pavel Durovga Fransiya fuqaroligini bergani uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini aytgan. Biroq Parij sudi tergov davomida Telegram asoschisi Pavel Durovning barcha pasportlari, jumladan Fransiya fuqaroligi to‘g‘risidagi shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ham musodara qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!