Yangiliklar

Yangi onkologiya markazida sunʼiy intellektdan foydalanish kengaytiriladi

Yangi onkologiya markazida sunʼiy intellektdan foydalanish kengaytiriladi

Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish muhimligini taʼkidlab, Toshkentdagi onkologik markazni hududlardagi shifoxonalar bilan bogʻlash kerakligini aytdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni poytaxtdagi yangi onkologik markaz sharoiti bilan tanishdi. Prezident markazda ish jarayonini raqamlashtirish, bemorlarga qulayliklarni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Davlat rahbari 2021 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining eski binosini borib koʻrgan, sohada sharoitlarni yaxshilash boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Koʻp oʻtmay, “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi.

Sohada davolash samaradorligini oshirish uchun koʻp ishlar qilinmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi alohida muassasa sifatida ajratildi. Onkologik shifoxonalar uchun qoʻshimcha 22 ta nur terapiyasi uskunasi olib kelindi. Kimyo terapiyasi vositalariga ajratilayotgan mablagʻ 11 barobar oshirilib, 13 million dollarga yetdi. 250 ga yaqin yangi tekshirish va davolash usullari viloyat va tuman darajasiga tushirildi.

Prezident qarorida Respublika onkologiya markazi uchun yangi majmua qurilishi ham belgilangan edi. Uning loyihasi Janubiy Koreyaning shu sohadagi klinikalari tajribasi asosida ishlab chiqildi. Uch yil davomida puxta ish olib borilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi yonidagi 5 gektardan ziyod maydonda zamonaviy shifoxona barpo etildi.

Yangi majmua 9 ta inshootdan iborat boʻlib, asosiy binolar 8 qavatli. Ularda shifokor va bemorlar uchun kerakli sharoitlar inobatga olingan. 1-qavatda poliklinika va tashxis uskunalari, 2-qavatda laboratoriya, statsionar, reanimatsiya va jarrohlik xonalari, yuqori qavatlarda palatalar joylashgan. Yerosti qismida radioterapiya, yadro tibbiyoti boʻlimi, xoʻjalik xonalari bor.

Avvalgi shifoxona 370 oʻrinli edi. Yangi markazda 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi oʻrinlar tashkil etildi. Shuningdek, bir kunda 500 nafar bemor ambulator sharoitda davolanishi mumkin.

Davlatimiz rahbari markazdagi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.

– Biz taʼlim va tibbiyotga alohida eʼtibor berayapmiz. Chunki odamlar bilimli boʻlib, sogʻlom boʻlsa, oʻz yoʻlini topadi. Bu markaz ham shunday ishlardan biri. Bu loyihaga 1,2 trillion soʻm ajratib, «noldan» qurdik. Barcha onkologiya shifoxonalarini jihozlashga 80 million dollar yoʻnaltirildi. Endigi asosiy vazifa – xodimlarni oʻqitib olish, samarali boshqaruvni yoʻlga qoʻyish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markazda Yevropa va AQSh standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik boʻlim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etilgan. Ular  jahon tibbiyotida qoʻllanilayotgan eng soʻnggi texnikalar bilan jihozlandi.

Masalan, Siemens kompaniyasining MAGNETOM Altea rusumli magnitli tomografi sunʼiy intelektdan foydalanib, ish jarayonini avtomatlashtiradi. Fuji kompaniyasining Senaria kompyuter tomografi kam dozali nurlanish va yuqori sifatli tasvir bilan bexato tashxis qoʻyadi. Shuningdek, 128 va 256 oʻlchamli multispiral tomograflar juda yupqa kesimlarda eng kichik oʻsmalarni ham aniqlash imkonini beradi. Bular avval qoʻllanilganidan 8-16 barobar kuchli.

Bunday zamonaviy texnikalarni ishlatish uchun yuzga yaqin mutaxassis 8 ta xorijiy davlatda malaka oshirib qaytdi. Yurtimiz boʻylab 1 ming 200 nafar onkolog chet elda oʻqitiladi.

Jarrohlik boʻlimida yiliga 6 mingta yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazish imkoniyati bor. Jumladan, juda dolzarb boʻlgan suyak koʻmigi transplantatsiyasi yoʻlga qoʻyiladi. Yangi uskunalar yordamida koʻz, halqum va qiziloʻngach qismi oʻsmalarini kesmasdan olib tashlash mumkin. Qovuq oʻsmalari kam invaziv usulda bartaraf etiladi. Bularning samarasida bemorlar tezroq tuzalib, 3-5 kunda uyiga qaytishi mumkin.

Intensiv terapiya boʻlimida har bir yotoq oʻrni yurak monitorlari, oʻpkani sunʼiy shamollatish moslamalari va boshqa zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

Nur bilan davolash uchun ilk bor yadroviy tibbiyot boʻlimi ishga tushirilmoqda. U 9 ta bunkerdan iborat boʻlib, birida toʻxtalishlar yuz bergan taqdirda ham boshqalariga oʻtkazilishi natijasida muolaja uzluksizligi taʼminlanadi. Chiziqli tezlatkichlarda nur bilan davolashning VMAT, SMAT kabi yangi usullari tatbiq qilinadi.

Ambulator kimyo terapiya 72 nafar bemorga moʻljallangan. Yangi infuzomat uskunalari olib kelingani natijasida bu davo osonlashadi va tezlashadi.

– Eng asosiy topshiriq – raqamlashtirish. Odamlar sarson boʻlmasin, navbatda turib qiynalmasin. Bu markaz faqat Toshkent uchun emas, uni hududlardagi 15 ta shifoxona bilan shunday bogʻlash kerakki, bemorlar oʻzining kelish vaqtini, doktorini oldindan bilsin. Buning uchun sunʼiy intellektni kengaytirib, inson omilini kamaytirish kerak, – dedi davlat rahbari.

Markaz oʻzining hududlardagi filiallari bilan yagona elektron platformaga ulanadi va respublikada “kanser-registr” tizimi ishga tushiriladi. Buning natijasida nazoratda turgan barcha onkologik bemorlar haqidagi maʼlumotlar yaxlit koʻrinib turadi.

Shu yerda Dmed yagona tibbiyot tizimi haqida ham axborot berildi. U shu yil yakunigacha Toshkentda toʻliq ishga tushiriladi. Keyinchalik butun mamlakatimiz boʻylab joriy etiladi.

Onkologiya markazida ilm va amaliyot uygʻunligiga katta eʼtibor qaratiladi. Pozitron emission va yagona fotonli emission kompyuter tomografiyasini qoʻllash boʻyicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. Oʻsmalarning molekulyar-genetik diagnostikasi asosida tadqiqotlar olib borilib, personallashtirilgan target va immunoterapiya davo usullari klinik amaliyotga tatbiq etiladi.

Umuman, yangi uskunalar va sharoitlar natijasida markazda oʻsma kasalliklarini erta aniqlash hamda davolash samaradorligi bir necha barobar oshadi. Bu, pirovardida, oʻlim holatlarini kamaytirish, insonlarni sogʻaytirib, umrini uzaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu tibbiyot turizmiga ham manba boʻladi.