Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi 2024 yil may oyida prezident Ibrohim Raisiy vertolyotining halokatga uchragani bo‘yicha yakuniy hisobotni e’lon qildi.
Hujjatda qayd etilishicha, halokatning asosiy sababi to‘satdan paydo bo‘lgan qalin tuman, bu esa vertolyotning toqqa qulashiga sabab bo‘lgan.
Tekshiruv davomida havo kemasiga oid hujjatlar, jumladan, vertolyotning topshiriqlari to‘g‘risidagi hisobotlar, u sotib olingan paytdan to voqea sodir bo‘lgunga qadar ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hujjatlar o‘rganildi.
Mutaxassislar vertolyotda hech qanday texnik nosozlik yo‘q, degan xulosaga kelishdi. Omon qolgan elektron uskunalar ham sinovdan o‘tkazildi va hech qanday nosozlik aniqlanmadi.
Vertolyot qaysi yo‘nalishda harakatlanayotgani o‘rganildi: u jo‘nab ketishidan avval Prezident devonida samolyot harakatining aniq xaritasi tuzilgan. Uchuvchi belgilangan marshrutni tark etmagani aniqlandi.
Meteorologiya tashkilotlari vertolyot marshruti bo‘ylab beqaror atmosfera sharoitlari haqida ogohlantirish bermadi, uchuvchi esa parvoz paytida favqulodda holat haqida xabar olmagan.
Vertolyot tashqi hujum oqibatida qulagani haqidagi versiya tasdiqlanmadi. Ekspertiza vertolyotda harbiy texnologiyalar ta’sirining izlarini aniqlamadi.
Hisobot oxirida halokatning asosiy sababi “bahor mavsumida hududning og‘ir iqlim va atmosfera sharoiti to‘satdan zich tuman tushishiga va ko‘rishning qisqarishiga sabab bo‘lgan va bu tog‘ bilan to‘qnashuvga olib kelgan”.
2024 yil 19 may kuni Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati yaqinida halokatga uchradi. U bilan birga yana sakkiz kishi, jumladan, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir-Abdullohiyon ham halok bo‘lgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!