Jamiyat

Rossiyadagi kasalxonada 5 oylik oʻzbekistonlik chaqaloq ota-onasiz qolib ketdi

Rossiyadagi kasalxonada 5 oylik oʻzbekistonlik chaqaloq ota-onasiz qolib ketdi

Rossiyadagi kasalxonada 5 oylik oʻzbekistonlik chaqaloq ota-onasiz qolib ketdi. Bolaning onasi shifoxonaga pul toʻlanmagani sababli olib kelolmayotganini aytdi.

Buxorolik ayol Rossiyada operatsiya qilingan 8 oylik chaqalogʻini shifoxonaga pul toʻlamagani sababli mamlakatga olib kelolmayotganini aytdi.

Bolalar ombudsmaniga Buxoro viloyatida yashovchi ayol murojaat qilgan. Ayol va turmush oʻrtogʻi Rossiyada boʻlish muddati tugagani sababli 2024 yilning 28 aprel kuni Oʻzbekistonga qaytib kelishga majbur boʻlgani, ammo 5 oylik farzandi M.Z. (joriy yilning 25 yanvarda tugʻilgan qiz bola) Sankt-Peterburg shahridagi bolalar shifoxonasida ota-ona gʻamxoʻrligisiz yolgʻiz qolganini bildirgan.

Shuningdek, hozirda davolash jarayoni tugagan boʻlsa-da, ayol farzandini Oʻzbekistonga olib kelish moddiy imkoniga ega emasligini bildirib, bolani qaytarishda amaliy yordam soʻragan.

Uning farzandi tugʻilish vaqtidan avval va juda kichik vaznda bir necha yurak kasalliklari bilan tugʻilib, shu sababdan tugʻilganidan beri Sankt-Peterburgdagi mazkur muassasada shifokorlar nazorati ostida boʻlgan va davolash jarayonida yuragiga operatsiya qilingan.

Shu bilan birga, kasalxona maʼmuriyati bildirishicha, bolaning 8 oy davomida davolanishi muolajalari va operatsiya uchun ota-ona tomonidan toʻlov amalga oshirilmagan. Sankt-Peterburg shahridagi oʻzbek diasporasi qizaloqning davolanishi uchun kasalxonaga toʻlanishi kerak boʻlgan pulning bir qismini toʻplagan boʻlsa-da, zarur mablagʻni toʻplashga hali ancha vaqt kerak boʻlishi mumkin.

Bolaning shifoxonada tibbiy muolajalari uchun toʻlov qisqa fursatda Oʻzbekiston yirik tadbirkorlaridan boʻlgan homiy tomonidan toʻlab berildi. Bolalar ombudsmani Sankt-Peterburgdagi qizaloqni Oʻzbekistonga tez fursatda qaytarilishi yuzasidan zarur choralar koʻrish uchun TIV va IIVga soʻrov kiritdi.

Shuningdek, davolanishdan keyin bola hali toʻliq tiklanmagani va aviaqatnov paytida sogʻligʻida kuzatilishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish maqsadida Bolalar ombudsmani Sogʻliqni saqlash vazirligiga bolani Oʻzbekistonga olib kelishda maxsus shifokor hamrohlik qilishida amaliy koʻmak berilishiga oid soʻrov yubordi hamda mazkur jarayon yuzasidan kuzatuv olib borib, bolaning oilasi bilan doimiy aloqada boʻldi.

1 sentyabr kuni Sankt-Peterburg shahridan vatanga qaytarilgan 14 nafar bola qatorida M.Z. Ichki ishlar vazirligi vakillari va shifokorlar hamrohligida Oʻzbekistonga olib kelindi va ota-onasiga topshirildi. Endilikda Buxoro viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan bolaning sogʻligʻini saqlashga va oilaga ijtimoiy koʻmak koʻrsatishga oid choralar koʻriladi.