Moskvada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarining norasmiy sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayanib RIA Novosti xabar berdi.
Uning aytishicha, sammit Ikkinchi jahon urushidagi “g‘alabaning 80 yilligi” paradi arafasida bo‘lishi belgilangan.
“G‘alaba kuni munosabati bilan MDHning norasmiy sammiti va boshqa ko‘plab ikki tomonlama aloqalar rejalashtirilgan”, deydi Peskov.
Qayd etish joizki, MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining oldingi norasmiy uchrashuvi 2023 yil 26 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o’tgandi.
Ma’lumot uchun, bugun va ertaga Toshkent shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining o‘ninchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha ikkinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda SHHT va MDHga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, MDH organlarining ishchi tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash muammolarini o‘rganishga jalb qilingan ta’lim va ilmiy-tahliliy tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!