MSK xarajatlarning taxminiy (dastlabki) smetasini ishlab chiqadi va ko‘rib chiqish uchun hukumatga taqdim etadi.
Tabiiy ravishda, biz tayyorgarlik ko‘rdik va hisob-kitob qildik. Bizning smetamizga ko‘ra, xarajatlarning umumiy miqdori 15,5 milliard tengeni tashkil etadi. Bu summa dunyoning 63 mamlakatida joylashgan 78 ta xorijiy saylov uchastkasida referendumni tashkil etish va o‘tkazish xarajatlarini o‘z ichiga oladi”, dedi MSK a’zosi Sabila Mustafina.
Umumiy mablag‘ning 71 foizi barcha darajadagi komissiya a’zolarining ish haqiga sarflanadi. Sabila Mustafina moliyaviy mablag‘larni komissiya raisi tasarruf etishini aytdi. Bundan tashqari, mablag‘lar davlat auditi va moliyaviy nazorat organlari tomonidan ham nazorat qilinadi.
Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev xalqqa qilgan murojaatnomasida Qozog‘istonda AES bo‘yicha referendum 6-oktyabrda o‘tkazilishini aytgandi. Stansiyani qurishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar orasida Qozog‘iston hukumati “Rosatom”, KHNP (Janubiy Koreya), EDF (Fransiya) va China National Nuclear Corporation’ni (Xitoy) tanlagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida 27-may Jizzaxda atom elektr stansiyasi qurishdagi hamkorlikka oid hukumatlararo bitimga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Shu kuni “O‘zatom” agentligi huzuridagi “AES qurilishi direksiyasi” DUK va “Rosatom” tuzilmasidagi “Atomstroyeksport” AJ injiniring kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma tuzildi.
Imzolangan kelishuvlarga asosan, Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida 330 MVt quvvatga ega (har biri 55 MVt quvvatli 6 ta reaktordan iborat) AES quriladi. Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘ladi, O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etadi.