Jahon

Rossiya josusi deb aytilgan kit o‘lik holda topildi

Rossiya josusi deb aytilgan kit o‘lik holda topildi

Kit birinchi marta Norvegiya hududida 2019 yil aprel oyida payqalgan.

Rossiya tomonidan josuslikka o‘rgatilganlikda gumon qilingan Xvaldimir laqabli kitning  jonsiz tanasi topildi.

Jasad kitning harakatlarini yillar davomida kuzatib kelayotgan «Marine Mind» tashkiloti tomonidan Risavika shahri yaqinida aniqlangan.

Tashkilot asoschisi Sebastyan Strand AFP axborot agentligiga o‘lim sababi noma’lumligini va Xvaldimirning jasadida aniq jarohatlar yo‘qligini aytdi.

«Biz veterinariya instituti tomonidan o‘lim sababini aniqlash maqsadida uning qoldiqlarini olib, sovitilgan joyga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldik» deydi u.

Kit birinchi marta Norvegiya hududida 2019 yil aprel oyida payqab qolingan.  Mahalliy aholi jonzotda videokameralar uchun mo‘ljallangan tasmani payqashgan.

Tasmada «Peterburg uskunalari 2019» yozuvi bor edi. Zoologlar orasida kit Rossiya harbiy bazalaridan birida josuslikka o‘rgatilgan va u yerdan qochib ketgan yoki topshiriq bo‘yicha qo‘yib yuborilgan va yo‘lda  videokameralarni yo‘qotib qo‘ygan degan fikrlar paydo bo‘lgan.

Kit mahalliy aholi orasida Xvaldimir nomi bilan mashhur bo‘lgan.  Norvegcha kit, «hval» deb ataladi, «dimir» so‘zi esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin ismidan olingan.

Rossiya hech qachon Xvaldimir rus harbiylari tomonidan tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gap so‘zlarga nisbatan rasmiy bayonot bermagan. Mamlakat dengiz sut emizuvchilarni josus sifatida tayyorlashga qaratilgan har qanday dastur mavjudligini rad etgan.