Jahon

Ukrainada bir qator vazirlar iste’foga chiqdi

Ukrainada bir qator vazirlar iste’foga chiqdi

Ukrainaning bir qancha vazirlari Oliy Radaga (parlamentga) o‘z iste’folarini taqdim etdi. Bu haqda Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk ma’lum qildi.

Ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi arizalar quyidagilar tomonidan taqdim etilgan:

  • Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ruslan Strelets;

  • Strategik sanoat vaziri Aleksandr Kamishin;

  • Adliya vaziri Denis Malyuska;

  • Davlat mulki jamg‘armasi rahbari Vitaliy Koval.

«Barcha arizalar keyingi yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqiladi», deydi Stefanchuk.

Aleksandr Kamishin o‘zining Telegram-kanalida mudofaa sanoati sohasida ishlashda davom etishi, ammo boshqa lavozimda ishlashi haqida ma’lum qildi.

Denis Malyuska 2019 yil 29 avgust kuni Adliya vaziri lavozimini egallagan edi. U Prezidentning “Xalq xizmatchisi” partiyasi a’zosi. Ukraina ommaviy axborot vositalari, jumladan “Zerkalo Nedeli” u iyul oyi o‘rtalarida iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozganini xabar qilgandi.

Aleksandr Kamishin 2023 yil mart oyida Ukrainaning Strategik sanoat vaziri bo‘ldi. Bungacha u “Ukrzaliznitsa” (Ukraina temir yo‘llari) boshqaruvi raisi bo‘lgan.

Ruslan Strelets 2022 yil aprelidan Ukraina Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslar vaziri, 2021 yil noyabridan esa vaqtinchalik ushbu vazirlik rahbari vazifasini bajarib kelayotgan edi. Bungacha u Dnepropetrovsk viloyati ma’muriyatida ishlagan.