2-sentyabr kungi bahslardan so‘ng jadvalning yuqori qismi quyidagicha ko‘rinish olgan. Xitoy 42 ta oltin, 29 ta kumush hamda 14 ta bronza medal bilan yetakchilik qilmoqda. Buyuk Britaniya esa 29 ta oltin, 14 ta kumush va 10 ta bronza medal bilan 2-o‘rinni band etgan. AQSH esa (13-19-10) kuchli uchlikni yakunlab bergan.
O‘zbekiston delegatsiyasi 6 oltin, 4 ta kumush hamda 4 ta bronza medal bilan 9-o‘rinni egallab turibdi.
Hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlaridan O‘zbekistondan tashqari faqatgina Qozog‘iston ushbu bahslarda medal jamg‘arishga erishdi. Birgina kumush medaliga ega qo‘shni respublika umumjamoa hisobida 56-o‘rinda bormoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida o‘tgan kunlarda para yengil atletikachi Asila Mirzayorova, para yengil atletikachi Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev, para yengil atletikachi Yorqinbek Odilov, para taekvondochi Asadbek Toshtemirov, para yengil atletikachi Elbek Sultonov oltin medalni, para taekvondochi Ziyodaxon Isoqova, Guljanoy Naimova hamda para yengil atletikachi Kubaro Hakimovalar kumush, para suzuvchi Muslima Odilova hamda para yengil atletikachilar Tolibboy Yo‘ldoshev, Mohigul Hamdamova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
2-sentyabr kungi bahslarda Bobur Omonov musobaqa rekordini o‘rnatib oltin medalni, erkaklar o‘rtasida T12 uzunlikka sakrash bahslarida qatnashgan Doniyor Soliyev kumush medalni, F54 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha bahslarda qatnashgan Nurxon Qurbonova bronza medalini qo‘lga kiritdi.