Musobaqa davomida qiz oyoqlari bilan o‘q uzdi, uning raqiblari esa aravachada o‘tirgan holda qo‘llari bilan nishonni ko‘zladi. Devi faqat 1/8 finalga qadar yetib bordi, ammo mag‘lub bo‘lganida ham uni qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishdi.
2021-yilda Devi kamondan otish bilan shug‘ullana boshlaydi. Uning murabbiylari qo‘lsiz otadigan Paralimpiya chempioni Mett Shtutsmanning uslubiga asoslanishadi. Shital o‘z texnikasini shunday rivojlantiradi: u oyog‘i bilan kamonni ushlab, o‘ng yelkasi bilan ipni tortadi va jag‘ini tekkizib, o‘qni yo‘naltiradi.
2023-yilda Shital jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritadi va keyinchalik Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan yilning eng yaxshi yosh sportchisi deb topiladi. Iyul oyida 17 yoshli kamonchi Paralimpiya o‘yinlarida Hindiston terma jamoasi tarkibiga kiradi.
“Avvaliga ko‘pchilik “bu qiz Hindiston vakili bo‘ladimi?” deb meni masxara qildi. Bugun men g‘urur bilan aytamanki, mening ismim Shital Devi, men Hindiston jamoasining kamonchisiman. Masxara qilishdan tortib, milliy terma jamoa libosini kiyishgacha.. Negativ izohlarga qaramang va o‘z maqsadingizga e’tibor qarating. Men buni uddaladim, siz ham shunday qila olasiz”, deb yozadi Shital ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida 17 yoshli hindistonlik kamonchi yanada ko‘proq e’tiborni tortdi. 30-avgust kuni Devi bir vaqtning o‘zida bir nechta tarixiy natijalar qayd etdi. Birinchidan, u Paralimpiya o‘yinlarida kamondan otish bo‘yicha ayollar musobaqasining eng yosh ishtirokchisi bo‘ldi. Ikkinchidan, Rakesh Kumar bilan aralash juftlik bahslarida u 1399 ochko jamg‘arib, jahon rekordini bir ochkoga yangiladi.
Shital uchinchi muvaffaqiyatga erishishi mumkin edi. Devi saralash bosqichida 703 ball to‘pladi va britaniyalik Fib Paterson Payn o‘rnatgan 698 ball rekordini yangiladi. Ammo hindistonlik sportchining natijasini turkiyalik Oznur Dzure darhol yangilab, uni 1 ballga ortda qoldirdi. Shital ikkinchi o‘rinni egallab, 1/8 finalga yo‘llanma oldi.
“Men ishonchli boshladim va yaxshi natija qayd etdim. Agar shu darajani saqlab qola olsam va o‘sishda davom eta olsam, Hindiston uchun medal qo‘lga kiritish va o‘z mamlakatim men bilan faxrlanish imkoniyatiga egaman”, degan edi Devi.
Afsuski 1/8 finalda chililik Mariana Zuniga bilan kechgan bahs asabiy kechdi va Shital chorak finalga chiqa olmadi. Devi birinchi raundda oldinga chiqib oldi — 29:28. Biroq ikkinchi raundda xatoga yo‘l qo‘yib, urinishlardan birida 7 ochkoni qo‘lga kiritib o‘z ustunligini qo‘ldan chiqardi. Uchinchi raundda nihoyat hisob tenglashtirildi – 82:82. Hammasini oxirgi turda hal qilish kerak edi. Zuniga 10 va to‘qqiztalikka o‘q uzdi, Devi ham xuddi shunday javob berdi. Ammo oxirgi o‘q bilan Mariana to‘qqizlikka, Shital esa sakkizlikka zarba berdi. Shu tariqa uchrashuv natijasi — 138:137 chililik kamonchi foydasiga hal bo‘ldi.
Mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, Devini olqishlar bilan kutib olishdi. Umuman olganda, jamoatchilik hind kamonchisini juda iliq kutib oldi. U har safar kuchli o‘nlikka kirganida, tribunadagi muxlislar hayratlanib, sportchini olqishladi.
Qiz hali 17 yoshda, demak, uning asosiy yutuqlari hali oldinda deb umid qilsa bo‘ladi.