Jamiyat

Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkdagi konserti bekor qilindi

Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkdagi konserti bekor qilindi

Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning AQSHning Nyu-York shtatida 14-sentyabr kuni oʻtkazilishi kerak boʻlgan anʼanaviy konserti Amerikadagi yahudiy diasporasining noroziligi ortidan bekor qilindi. Bu haqda AQSHdagi oʻzbek jurnalisti Sanʼat Sharipov maʼlum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Yulduz Usmonovaning “Besh yulduz Entertainment” MCHJ tomonidan tashkillashtirilgan Nyu-Yorkdagi konserti 14-sentyabrga belgilangan edi. Lekin uning yaqinda Isroilni qoralab qilgan chiqishi va yahudiy mahsulotlarini boykot qilishga chaqirishi Buxoro yahudiylarining noroziligiga sabab boʻlib, ularning saʼy-harakatlari bilan konsert bekor qilingan. The Oceana Theater saytida sotuvga chiqarilgan chiptalar oʻchirilgan.

«Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkdagi konserti 14 sentyabrga belgilangan edi. Lekin uning yaqinda Isroilni qoralab qilgan chiqishi, Buxoro yahudlarining noroziligiga sabab boʻlib, ularning saʼy-harakatlari bilan konsert bekor qilindi. Endi faqat 1 ta konsert, u ham boʻlsa, Ohayoda boʻladi», deydi Sharipov.

2009-yildan beri Star Entertainment tashkiloti koʻmagida Nyu-Yorkda konsert oʻtkazib kelgan Usmonovaning oʻzi tadbir bekor qilinganini tasdiqlagan boʻlsa-da, buning sababini ochiqlashni istamagan. Endi Konsert Oʻzbek diasporasi uncha koʻp boʻlmagan Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrida o’tkaziladi.