JIB Yunusobod tuman sudi hukmi bilan 20 yil ozodlikdan mahrum qilingan Baxtiyor Qudratullayevning advokati tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda. Shikoyatda Qudratullayevni ayrim ayblovlar bo‘yicha reabilitatsiya qilish hamda hukmning uni o‘ta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qismini bekor qilish so‘ralmoqda. Apellyatsiya shikoyati berganlar orasida Qudratullayevning akasi va yana 6 nafar sudlanuvchi bor.
Mazkur hukm ustidan sudlanuvchilarning advokatlari tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritilgan.
Ular orasida Baxtiyor Qudratullayev, uning akasi Shuxrat Qudratullayev, Matlub Mirzoyev, Anvar Mirzaxonov, Feruz Vafoyev, Asadullo Jo‘rayev, Fayziddin Kamolov hamda Mahmudjon Usmonboyev bor.
Baxtiyor Qudratullayev apellyatsiya shikoyatida jinoiy uyushma tashkil etish va tovlamachilik jinoyatini sodir etmaganini, qilmishlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyati tarkibi mavjud emasligini, ayblovdagi o‘ndan ortiq epizodlarga aloqasi va daxli bo‘lmaganligi sababli qator ayblovlar bo‘yicha oqlov hukm chiqarib, hukmning xavfli retsidivist deb topishga oid qismini bekor qilishni so‘ragan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ishni ko‘rib chiqish boshlandi.
Ma’lumot uchun, sud hukmiga ko‘ra, “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “g” bandi, 109-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “v” bandi, 242-moddasi 1-qismi, 243-moddasi va 276-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, u Jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki sud hukmi bilan sudlanuvchilarga 3 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan edi. Faqat sudlanuvchilar orasidagi yagona ayol N.Jumaniyazovaga ozodlikni cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan jazo berilgan. Hukm bilan 6 kishi xavfli retsidivist deb topilgan va ular jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!