AQSH prezidenti Jo Baydenning oʻgʻli soliq jinoyatlari boʻyicha 17 yilga qamalishi mumkin.
AQSH prezidenti Jo Baydenning oʻgʻli Xanter Los-Anjeles sudida toʻqqizta federal ayblov boʻyicha aybiga iqror boʻldi. U 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Kichik Baydenning aytishicha, u noqonuniy ravishda qurol sotib olgani boʻyicha sudlanganidan keyin oilasini yana “azob va tahqirlashni” istamagani uchun shunday qarorga kelgan.
“Oilamga qanday azob keltirganimni his etmagan holda Deleverdagi sud qarshisida turdim va ular yana bir bor buni boshidan oʻtkazishlariga majbur qilmayman. Menda faqat bitta yoʻl qoldi”, — deydi Xanter Bayden.
Avvalroq Xanter Bayden va uning himoyasi Alford pretsedentiga asoslangan kelishuvni taklif qilgandi — unda sudlanuvchi ayblov uchun yetarli dalillar borligini tan oladi, lekin ayblovlar boʻyicha aybini tan olmaydi. Prokuratura bunday bitimni rad etgan edi. Natijada Baydenning advokatlari u barcha ayblovlar boʻyicha aybini tan olishga tayyorligini maʼlum qildi.
Amerika qonunchiligiga koʻra, Xanter Bayden 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi yoki 1,3 million dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Bundan tashqari, kichik Baydenga 2018 yilda Colt Cobra revolverini xarid qilishda yolgʻon ishlatgani uchun 25 yilgacha qamoq jazosi tahdid qilmoqda. Ayni vaqtida u sud eshituvi yakunlangunga qadar garov evaziga ozodlikda qoladi.
Nashrning qayd etishicha, Xanter Bayden va uning himoyasi AQSH prezidentining afvidan umid qilmayapti. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning jurnalistlarga maʼlum qilishicha, Jo Bayden oʻgʻlini afv etishni rejalashtirmagan.
Kichik Baydenning himoyasi sudda oʻz mijozi barcha soliq qarzdorliklarni toʻlaganini taʼkidladi. Ish materiallariga koʻra, Xanter Bayden “Burisma” ukrain gaz kompaniyasi va Xitoydagi xususiy investitsiya fondi boshqaruv aʼzosi boʻlgan holda 2016 yildan 2019 yilga qadar yetti million dollar ishlab topgan. Ushbu bitimlar doirasida u soliq toʻlamagan, qoʻlga kiritgan mablagʻlarini giyovand moddalar va hashamatli buyumlar xaridiga sarflagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!