Jahon

Pavel Durov Telegramdagi oʻzgarishlar haqida eʼlon qildi

Pavel Durov Telegramdagi oʻzgarishlar haqida eʼlon qildi

«Yaqin atrofdagi odamlar» funksiyasi tasdiqlangan kompaniyalarni qidirish uchun «Yaqin atrofdagi biznes» bilan almashtiriladi. 

Tergov sababli Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangan Telegram bosh direktori Pavel Durov platforma xizmatlaridagi oʻzgarishlar haqida eʼlon qildi va messenjerning moderatsiya qoidalari yaxshilanganini maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, firibgarlar tomonidan foydalanilgan «Yaqin atrofdagi odamlar» funksiyasi yaqin atrofdagi tasdiqlangan kompaniyalarni qidirish uchun «Yaqin atrofdagi biznes» bilan almashtiriladi.

Telegram, shuningdek, maqolalar yaratish xizmati Telegraph’ga yangi suratlarni yuklashni ham taqiqladi.

2019 yilda taqdim etilgan «Yaqindagi odamlar» funksiyasi yaqin-atrofdagi foydalanuvchilarni ularning joylashuvini koʻrsatish orqali topish imkonini berardi.

Pavel Durovning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilarning 0,1% dan kamrogʻi undan foydalangan, ammo «botlar va firibgarlar bilan» muammolar paydo boʻlgan.

Uning oʻrniga ishga tushirilgan «Yaqindagi biznes» funksiyasi ishonchli kompaniyalar mahsulotlari bilan tezda tanishish va toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Telegraph nashriyot vositasi 2016 yilda ishga tushirilgan. Xizmatdan foydalanib, siz matnlar, fotosuratlar va videolarni tahrirlashingiz va nashr qilishingiz mumkin. Pavel Durov ushbu xizmatdan «anonim tashrif buyuruvchilar tomonidan suiisteʼmol qilinganini» aytdi.

«Telegram foydalanuvchilarining 99,99 foizi jinoyatga aloqasi boʻlmasada, noqonuniy faoliyat bilan shugʻullangan 0,001 foizi butun platformaga yomon obroʻ qoʻyib, milliardga yaqin foydalanuvchilarimiz manfaatlariga tahdid solmoqda», — deydi Pavel Durov.