Jamiyat

Koreyada ishlab qaytganlarga jami 1 mln 373 ming dollar qaytarib beriladi

Koreyada ishlab qaytganlarga jami 1 mln 373 ming dollar qaytarib beriladi

Koreya Respublikasida muvaffaqiyatli ishlab qaytgan fuqarolarga 1 mln 373 ming dollar miqdoridagi pul qaytarib beriladi. Bu haqida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlum qildi.

Xabarga koʻra, 2004–2021-yillar oraligʻida mazkur davlatda E-9 hamda H-2 viza turlari asosida muvaffaqiyatli ishlab vatanga qaytgan 2482 nafar fuqaroning Samsung sugʻurta toʻlovlari hamda 13-oylik pullarini qaytarib berish uchun arizalarni qabul qilish boshlangan.

Maʼlumot uchun, Koreyaga E-9 vizasi bilan borgan barcha ishchilar Samsung sugʻurtasi uchun belgilan miqdordagi toʻlovni 3 oy ichida oʻz oyliklaridan avtomatik ravishda toʻlashlari belgilangan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa ishchilarni har xil vaziyatlarda ham sugʻurtali holatda boʻlishidir. Lekin bu pullar fuqaro yurtga qaytayotganida qaytarib beriladigan pullar hisoblanadi.

Fuqaro Koreya Respublikasidan muvaffaqiyatli ishlab qaytayotgan payt aeroportda ushbu pulni qaytarib olishi mumkin.

Ushbu havola orqali keltirilgan roʻyxatda pul mablagʻlarini qaytarib olish huquqi bor boʻlgan fuqarolarning ism-sharifi keltirilgan.

Ushbu fuqarolar toʻlovlarni qaytarib olishi uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyatlardagi filiallariga bir qator hujjatlarni topshirishlari soʻralmoqda:

▪️ Fuqarolik pasport nusxasi (Agar Koreyaga borganda fuqarolik pasporti almashtirilgan boʻlsa, pasportni almashtirganlik haqidagi maʼlumotnomani olish lozim. Bunda eʼtibor beriladigan jihat – eski pasport hamda yangi pasport raqamlari aniq qilib koʻrsatilgan boʻlishi shart. Ism-sharif ingliz tilida boʻlishi kerak.);

▪️ Fuqaro nomiga Milliy bankdan ochilgan bank hisob raqami hujjati (Hujjatda fuqaroning ism-sharifi pasport rasmli beti bilan bir xil boʻlishi lozim. Kirill harfda yozilishi mumkin emas! Shuningdek, berilgan hujjatga bank muhr bosib berishi shart.);

 

▪️ Fuqaro nomidan toʻldirilgan ariza (Ariza anketasini yuklab olib, Agentlik filiallarida toʻldirish mumkin.).

 

Xabarda keltirilishicha, bu pullar hozirgi kunda EPS markazi hisobida ham, Agentlik hisobida ham emas, balki HRD Koreaning hisob raqamida turgan mablagʻlar hisoblanadi.

 

Roʻyxatda mavjud fuqarolar hujjatlarni kamchiliklarsiz yigʻib topshirganlaridan soʻng, Agentlik va EPS markazi hujjatlarni Koreya tomonga yuboradi. Koreya tomon hujjatlarini koʻrib chiqib, fuqaro oʻzining nomiga ochgan Milliy bank hisob raqamiga pulni oʻtkazib beradi.