Jamiyat

8 imom-xatib, 10 imom noibi ishdan olindi, 4 nafariga hayfsan berildi

8 imom-xatib, 10 imom noibi ishdan olindi, 4 nafariga hayfsan berildi

Bugun, 11-sentabr kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasida raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Toshkent shahar imom-xatiblarining tanqidiy-tahliliy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Musulmonlar idorasi matbuot xizmatining yozishicha, majlis avvalida har bir imom-xatib din gʻami, xalq dardi va yurt taqdiri yoʻlida astoydil xizmat qilishi lozimligi, din peshvosi sifatida, aholi, ayniqsa, yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashi alohida ta’kidlangan.

Tanqidiy masalalar muhokamasida ayrim imom-domlalar zimmasidagi birlamchi vazifasiga jiddiy yondashmayotgani, moʻmin-musulmonlar ehtiyojini taʻʻminlashda etarli sa’y-harakat qilmayotgani va ijro intizomidagi nuqsonlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalar, mehnat shartnomalari talablari va lavozim yoʻriqnomalariga rioya etmayotgan imom-domlalarga chora koʻrilgani aytildi.

2024-yilning oʻtgan sakkiz oyida mana shunday xato-kamchiliklarni sodir etgan, din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini etarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgani hamda 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga esa hayfsan intizomiy chorasi qoʻllangani ma’lum qilindi.

Muftiy hazratlari har bir imom-xatib din va mehrob omonatini chuqur his etishi, faoliyatini yaxshilab borishi, zamon bilan hamnafaslikda doimiy bilim-malakalarini oshirishi va peshvolik maqomiga munosib boʻlishini alohida qayd etdilar.

Shuningdek, barcha imom-xatiblarni ushbu martabada shariat xodimi sifatida ixlosu muhabbat, taqvo va sadoqat bilan xizmat qilishlariga da’vat etdilar.