O‘rganishlar davomida 764 723 ta yangi ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilganligi aniqlanib, aybdor shaxslar tegishli javobgarlikka tortildi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi. Shuningdek, brifingda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Bosh prokurorning O’zbekiston aholisiga yo‘llagan murojaatida qayd etilgan masalalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, prokurorlar sektorlaridagi “Temir daftar”ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oilalarga har tomonlama ko‘mak berilmoqda. Jumladan, ularning 181 tasining uy-joyi taʼmirlanib, 57 tasiga yangi uy – joylar qurib berilishi taʼminlangan.
Shuningdek, 2 ming nafardan ortiq ehtiyojmand oilaning ishsiz aʼzolari bandligi taʼminlangani aytildi. “Ayollar” va “Yoshlar daftarlari”ga kiritilgan 246 673 nafar xotin-qizlar va 36 687 nafar yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularning tashabbuslarini ko‘llab – quvvatlashga doir ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, prokurorlar tashabbusi bilan 582 marotaba mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 8 ming 759 nafar ishsiz fuqarolar ishga joylashtirilgan. Ish haqi va nafaqa pullarining 4,2 mlrd. so‘mi talon – toroj qilinganligi aniqlanib, 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shu bilan birga, 10 789 ta holatda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘sqinliklar aniqlanib, bartaraf etildi hamda 8030 nafar tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Xorijiy investorlar faoliyatida yuzaga kelgan 2 426 ta muammo ijobiy hal etildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!