Bir qator vazirlarning ishdan olinishi
O‘tgan hafta Ukrainada Vazirlar mahkamasi va prezident ofisidagi kadrlar o‘zgarishi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba iste’foga chiqdi, uning lavozimini o‘rinbosari Andrey Sibiga egalladi. Quyidagi vazirlar va amaldorlar ham lavozimidan ozod etildi:
- sanoatning strategik tarmoqlari masalalari bo‘yicha vazir Aleksandr Kamishin;
- bosh vazir o‘rinbosari, Ukrainaning vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlarini reintegratsiya qilish bo‘yicha vazir Irina Vereshchuk;
- atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslar vaziri Ruslan Strelets;
- adliya vaziri Denis Malyuska;
- Ukraina davlat mulki jamg‘armasi raisi Vitaliy Kovalyu.
- Bosh vazirning Yevropa Yevro-Atlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Aleksandr Kamishinni o‘zining shtatdan tashqari maslahatchisi etib tayinladi. Dmitriy Litvin esa kommunikatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘ldi. Ukraina elchisi kadrlar o‘zgarishini quyidagicha izohladi.
Prezident Zelenskiy ta’kidlaganiday, o‘zgarishlar Rossiya agressiyasi fonida hukumatga yangi impuls berishga qaratilgan. Zelenskiy parlament yig‘ilishidagi chiqishida hukumat institutlari hozir maksimal darajada faol ishlashi, ilgarigidan ham faolroq ishlashi, barcha darajalarda muhimligini aytdi. U kuchaytirish kerak bo‘lgan bir qator yo‘nalishlarni sanadi.
Jumladan, ittifoqchilarning mudofaa sohasida investitsiyani oshirish, Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha amaliy muzokaralar olib borish, markaziy hokimiyat bilan mahalliy jamoalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish. Uning bayonotida, shubhasiz, frontdagilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chaqiriqlar bo‘ldi, bu qurollar yetkazib berishga aloqador, dedi elchi.
TIV rahbari o‘zgarishi Ukraina tashqi siyosatiga ta’sir qiladimi?
Elchi hukumatdagi kadrlar o‘zgarishi siyosat yuritishga ta’sir qilmasligini, prioritet yaqin istiqbollarda o‘zgarmasligini bildirdi.
Ushbu prioritetlardan eng muhimi: urushda g‘alaba qozonish, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini tiklash, Rossiyani javobgarlikka tortish va Ukrainani tiklash. Ukraina oldidagi birinchi raqamli vazifa — jang maydonida g‘alaba qozonish, agressorni mamlakatimiz hududidan chiqarish. Buning uchun ittifoqchilarimiz, hamkorlarimiz yordami kerak. Bunda nafaqat mudofaa balki gumanitar sohada ham yordam olish muhimdir.
Men ko‘proq energetika tizimiga to‘xtalmoqchiman, bizda vaziyat murakkab, ammo hamkorlar hozirda katta yordam bermoqda. Biz vayron qilingan energiya generatsiyasini tiklash uchun yuqori quvvatli generator va transformatorlar olmoqdamiz. Umid qilamanki, O‘zbekiston tomonidan ham shunday yordam ko‘rsatiladi, dedi Nikolay Doroshenko.
U hukumat o‘zgarishi bilan qabul qilingan hozirgi qarorlar 2025-yil va undan keyingi yillardagi jarayonlarni belgilashini aytdi va Ukrainani mudofaa va energetika sohasida qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Energetika tuzilmalariga hujumlar
Doroshenko eng muhim mavzu energetika sektori, hujumga uchragan energetika infratuzilmasini tiklash ekanini aytdi. U Rossiya Erondan sotib olayotgan ballistik raketalar va dronlar bilan energetika infratuzilmasiga zarbalar berayotganini ta’kidladi.
Bizda shunday davr bo‘ldiki, Ukrainani ayniqsa qishda zulmatda qoldirish uchun 80 foiz issiqlik energiyasi vayron qilindi, dedi u
Mediada Rossiya propagandasi
Elchi Ukrainada Rossiyaning soxta propagandasiga qarshi kurashish uchun Madaniyat va strategik kommunikatsiya vazirligi faoliyati boshlanganini aytdi.
Siz Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo hududiga olib borilayotgan axborot siyosatining iste’molchisisiz va biz juda ko‘p targ‘ibot, soxta targ‘ibotlarni ko‘rib turibmiz, dedi Doroshenko jurnalistlarga.
U Rossiyaning muzlatilgan aktivlariga ham to‘xtalib, ular Ukrainani qayta tiklash uchun ishlatilishini bildirdi va bu vazifa yangi kadrlar almashinuvida Zelenskiy tomonidan ilgari surilganini aytdi.
Ukraina allaqachon 2,5 yildan buyon urush ichida yashamoqda, bu qiyin chaqiriq. Ammo Ukraina fuqarolari iqtisodni rivojlantirish uchun faol ishlamoqda. Hamkorlarimiz ham iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichiga hissa qo‘shishi biz uchun muhimdir. Jumladan, O‘zbekistondan umidvormiz.
‘‘O‘zbekistondan Tinchlik formulasi kommyunikesiga qo‘shilishni taklif qilamiz”
Doroshenko Shveysariyada urushni tugatish bo‘yicha Tinchlik formulasi sammitini esga olib, kommyunikega allaqachon 24 ta davlat qo‘shilganini aytdi.
Kommyunike boshqa davlatlar, hattoki, sammitda qatnashmagan mamlakatlar qo‘shilishi uchun ham ochiq qolmoqda. O‘zbekiston hukumati uni ko‘rib chiqib, kommyunikega qo‘shilishiga umid qilamiz. Bugungi kunda prezident komandasi, hukumat ikkinchi Tinchlik formulasi sammitini o‘tkazish ustida ishlamoqda. Turli sanalar ko‘rilmoqda, ehtimol, AQSH saylovlaridan oldin yoki keyin bo‘ladi, tayyorgarlikka bog‘liq. Yaqin oylarda BMT bosh assambleyasining tinchlik bo‘yicha navbatdagi sessiyasi boshlanadi.
Prezident Vladimir Zelenskiy sessiya yig‘ilishida ishtirok etishga tayyorlanmoqda. Unda urushni tugatish bo‘yicha muhokama olib boriladi. Prezidentda BMT bosh assembelyasi tomonidan tasdiqlangan tinchlikka 10 qadam bo‘yicha Tinchlik formulasi mavjud. Biz barcha davlatlardan ulardan birortasiga qo‘shilishni taklif qilganmiz. Jumladan, O‘zbekistondan Tinchlik formulasi bo‘yicha ikkita punktga, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik xavfsizlik, qo‘shilishni taklif qilganmiz, dedi elchi.
Doroshenko mazkur formula doirasida yaqin oylarda Kanadada gumanitar siyosat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishi, Turkiya oziq-ovqat xavfsizligi uchun javob berishi, gumanitar soha asirlarni va bolalarni qaytarish ekanini ta’kidladi.
Afsuski, ko‘pchilik bolalar okkupatsiya qilingan hududlardan ruxsatsiz olib ketilgan. Shunday ekan, bu ham ko‘rib chiqiladi. Aytgancha, bolalar bo‘yicha o‘tgan yili O‘zbekiston shunday ajoyib ishni amalga oshirdi: Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafardan iborat bolalar guruhi keldi. Afsuski, bu yil ma‘lum sharoitlar tufayli bu amalga oshmadi. Umid qilamizki, bu borada muhokama olib boriladi.
Ukraina elchixonasi O‘zbekiston TIV va biznes hamjamiyati bilan faol ishlamoqda. Biz O‘zbekiston Ukraina iqtisodiyotiga investitsiya kiritish va mehnat migrantlarini jalb qilish borasida hissa qo‘shishiga umid qilamiz, dedi u.
O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi eng qiyin muammo
Global chaqiriqlarning O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi aloqalarga ta’sirini baholagan elchi asosiy qiyinchilik logistika ekanini ta‘kidladi.
‘‘Afsuski, 2021-yilda Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 747 millionni tashkil etdi. Biz shunchaki yilda 350 dan 747 millionga ko‘tarildik. Shunga qaramay, bu urushdan oldingi davr edi. Urush boshida Rossiya Gruziya orqali Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga tovar yetkazib berishni taqiqladi. Mazkur yetkazib berishlar Transkaspiy koridori orqali, shundan keyingina O‘zbekistonga amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, transport masalasi, menga biznes vakillari aytganiday, bitta mashina uchun 10 mingdan 15 ming dollargacha baholanmoqda, garchi oldin taxminan 4500 dollar bo‘lgan. Bu qimmatchilikka olib kelmoqda. Bizda O‘zbekistonga taklif qilish uchun mevalar guruhi, don mahsulotlari va kungaboqar yog‘lari mavjud, bu O‘zbekiston bozorida talab yuqori bo‘lgan tovarlar. Logistika muammosi sababli mazkur tovarlarni yetkazib berish qimmatlashishi mumkin. Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan kommisiya yig‘ilishini o‘tkazishni xohlardik. Bu iqtisodiy qiyinchiliklarga ham aloqador, dedi elchi.