Jamiyat

Oʻzbekistonda yagona boʻlgan milliy qoʻgʻirchoqlar muzey-ustaxonasi yopilish xavfi ostida

Oʻzbekistonda yagona boʻlgan milliy qoʻgʻirchoqlar muzey-ustaxonasi yopilish xavfi ostida

Oʻzbekistonda yagona boʻlgan milliy qoʻgʻirchoqlar muzey-ustaxonasi yopilish xavfi ostida turibdi. Bu haqida “Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatri tarixi” muzey-koʻrgazmasi direktori Zokir Joʻrayev oʻz videomurojaatida maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, muammolar shu yilning mart oyida boshlangan. Mazkur oyda muzey yangi ijara shartnomasini imzolagan, ammo yangi hujjatda ijara summasi avvalgi summadan deyarli uch baravar koʻp etib koʻrsatilgan.

Shundan soʻng muzey hududi auksionga qoʻyilgan va unda milliy matolardan zamonaviy ayollar kiyimlari ishlab chiqaruvchi tomon asosiy daʼvogarlik bo’lgan va ustaxona bilan faol raqobatga kirishgan.

Tadbirkor bu yerdan moda namoyishi uchun foydalanishni maqsad qilmoqda.

   “Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillarida biz Buxoroda yagona xususiy qoʻgʻirchoq teatrini qayta tiklab, tashkillashtirdik. Shu bilan birga, biz har xil suvenir (sovgʻa) qoʻgʻirchoqlarni yasashni boshladik. Ularning koʻpi hozirgi paytda har xil muzeylar va xususiy kolleksiyalarda turibdi. Shuningdek, koʻp ishlar va tashabbuslar qilindi. Biz Buxoroda Oʻzbekiston qoʻgʻirchoqlar teatri muzeyini tashkil qildik. Agar biz hozir ijarada turgan joyimizda qolmasak, Oʻzbekistonning yagona oʻzbek milliy qoʻgʻirchoqlar teatriga bagʻishlangan muzey ekspozitsiyasi va shu bilan birga, Buxoro milliy suvenir qoʻgʻirchoqlari yoʻqoladi” deydi muzey asoschisi Iskandar Hakimov.

Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatri tarixi” muzey-koʻrgazmasi direktori Zokir Joʻrayevning taʼkidlashicha, ustaxona shunchaki ish joyi emas. Bu – Oʻzbekistonda qoʻgʻirchoq teatri tarixiga oid noyob muzey koʻrgazmasi joylashgan yagona joy.

 

“Bu yerda xalqimiz tarixini hikoya qiluvchi, madaniyatimiz va merosimizni aks ettiruvchi qoʻgʻirchoqlar jonlanadi. Biz shunchaki qoʻgʻirchoqlar yaratibgina qolmay, xalqimizning ruhini saqlab qolamiz, uni yangi avlodlarga yetkazamiz. Bu xabar bizga yordam bera oladigan shaxslarga yetib borishini chin dildan umid qilaman”, deydi u.

Mazkur muammoga Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi eʼtibor qaratib, ushbu murojaatga quyidagicha izoh qoldirdi.

 

“Bunday muhim mavzuga murojaat qilganingiz va eʼtibor berganingiz uchun tashakkur. ”Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatri tarixi“ muzey ekspozitsiyasi va Buxorodagi ustaxona mamlakatimiz madaniy merosining muhim qismi hisoblanadi. Ayni damda hamkasblarimiz bu borada ishlamoqda va u rahbariyat nazoratida. Biz ushbu noyob obyektni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda asrab-avaylashga yordam berishga tayyormiz va uni rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslarni faol qoʻllab-quvvatlaymiz”.