Bosh konsulxona “Yagi” toʻfoni oqibatida Oʻzbekiston fuqarolari vafot etgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Oʻzbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga koʻra, toshqinda suv sathi 1 metrga yetdi va u juda kuchli oqimni yuzaga keltirdi.
Kuchli yomgʻir va undan keyingi suv toshqini Tailand shimolida ikkita koʻchkiga sabab boʻldi. Koʻchki oqibatida 6 kishi halok boʻldi va 9000 ga yaqin xonadon seldan jabr koʻrdi.
Tailand vakolatli idoralari tomonidan suv toshqinidan jabr koʻrgan hududlarda, xususan, Tailand-Myanma chegarasidagi Say daryosi yaqinida aholiga ehtimoliy evakuatsiyaga tayyorgarlik koʻrish tavsiya qilingan.
Tailandning tabiiy ofat kuzatilgan hududlarida yashovchi va mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolari va ularning oila aʼzolari orasidan suv toshqini va koʻchki natijasida jabr koʻrganlar aniqlanmadi.
Maʼlumot uchun, Vyetnamning shimoliy provinsiyalari soʻnggi yillardagi eng dahshatli ofatlardan biri — “Yagi” toʻfoni koʻplab qurbonlar va vayronagarchiliklarga sabab boʻldi.
Uzoq davom etgan yomgʻir oqibatida yuzaga kelgan kuchli suv toshqini 199 kishini hayotdan olib ketdi. Bu haqda Vyetnam axborot agentligi maʼlum qildi.
“Yagi” toʻfoni Tailand va Myanmaga yetib kelishi natijasida har ikki davlatning shimoliy shtatlarida soʻnggi 80 yil ichidagi eng kuchli suv toshqinlari kuzatildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!