Toshkent shahrida 1XBET bukmekerlik tovar belgisini namoyish qilgan reklama agentligiga jarima qoʻllanildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, qoʻmitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan oʻrganishlar oʻtkazilgan. Unda Hamkor Reklama Servis reklama agentligi tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali 1XBET bukmekerlik reklama tovar belgisi koʻrsatilgan holatlar aniqlangan.
“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 46-moddasida qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar reklamasiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilgan.
Shunga koʻra, Maxsus komissiya tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunining 46-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan Hamkor Reklama Servis agentligiga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan qoʻmita vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibning maksimal miqdorida moliyaviy jarima qoʻllanilgan. Toʻplangan hujjatlar javobgarlik masalalarini koʻrib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 47-moddasida taqiqlangan mahsulot va xizmatlarni reklama qilganlik uchun BHMning 100 baravarigacha (34 mln soʻm) jarima undirilishi belgilangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!