Oʻzbekiston va Qozogʻiston havo hududi himoyasi boʻyicha qoʻshma mashgʻulot oʻtkazdi.
10−14 sentyabr kunlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston harbiy-havo kuchlari harbiy xizmatchilari va havo hujumidan mudofaa mutaxassislari ishtirokida “Ashiq aspan” (“Ochiq osmon”) xalqaro tezkor-taktik qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Qozogʻiston Mudofaa vazirligi xabar berdi.
“Mashgʻulotlar doʻst davlatlarning harbiy qoʻmondonlik va boshqaruv organlarining hamjihatligini oshirish, havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari va vositalaridan birgalikda foydalanish masalalarini ishlab chiqish, harbiy xizmatchilarning alohida jangovar vazifalarni bajarishda harbiy qismlarni boshqarish boʻyicha amaliy koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.
Mashgʻulotlarda front chizigʻidagi vertolyotlar, armiya va harbiy transport samolyotlari, shuningdek, havo hujumidan mudofaa qoʻshinlarining kuch va vositalari ishtirok etmoqda. Mashgʻulotlar davomida havo kuchlari uchuvchilari Qirgʻiziston va Tojikiston havo kengliklarida parvoz qilmoqda.
Mashgʻulotlar Qozogʻiston Qurolli kuchlari havo mudofaasi kuchlari bosh qoʻmondoni Dauren Kosanov boshchiligida oʻtkazilmoqda.
“Biz bunday mashgʻulotlarni muntazam ravishda oʻtkazib turamiz. Ular doʻst mamlakatlar harbiy xizmatchilariga havo hujumidan mudofaa boʻyicha qoʻshma vazifalarni bajarish, jangovar ekipajlarni muvofiqlashtirish boʻyicha amaliy tajriba orttirish, shuningdek, mamlakatlarimiz mudofaa qobiliyatini oshirish imkonini beradi”, — dedi u.
Mashgʻulotlarning oʻziga xos jihati davlat chegarasi yoki havo hududidan foydalanish qoidalari buzilgan taqdirda havo hujumidan mudofaa kuchlari jangovar ekipajlarining qoʻshni davlatlar (Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston) qoʻmondonlik punktlari va boshqaruv punktlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibini ishlab chiqish boʻldi.
Bundan tashqari, “Ashik aspan” qoʻshma mashgʻulotlari doirasida MDH davlatlari havo hujumidan mudofaa qoʻshma tizimi doirasida qoʻshinlar dushman havo hujumlarini qaytarish boʻyicha oʻqitilmoqda
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!