12-avgust kuni soliqchilar kuni ekan. O‘sha kuni tumandagi soliqchilarning to‘rt-besh nafari kelib, kechki payt banket qilmoqchi ekanini aytishdi. Joy qilib bering deyishdi. O‘zlari bilan olib kelingan bir yashik aroq va gazli ichimliklarni tashlab ketishdi va kechki payt soat 7 larda yig‘ila boshlashdi. O‘sha kuni tonggi 03:00 gacha o‘tirgan soliqchilar juda tartibsiz o‘tirishdi, ko‘p idishlar sindirildi. O‘sha kuni hammasi maza qilib o‘tirishib, hisob-kitob qilmay ketishdi. Hatto rahmat ham aytishmadi. Uch kundan keyin hududimizga masʼul bo‘lgan Ozod ismli inspektorga telefon qilib, o‘sha kuni yaxshi o‘tdimi, kamchilik bo‘lmadimi, bolalar yaxshi xizmat qildimi deb so‘radim. Iziga hisob-kitob bo‘lmaganini aytdim. Rahbarining avvaldan mehmonlari bo‘lganini, qarzi borligini eslatdim-da, “uni so‘ramayapman, lekin buni hisob qilib ketmasalaringiz bo‘lmaydi. Men butun tumanning xarajatini ko‘tara olmayman”, dedim. Ozod hisob-kitob qilamiz aka, yopiladi dedi. Lekin kelmadi,  deydi bu haqda “Daryo.uz”ga gapirib bergan tadbirkor.

Maʼlum bo‘lishicha, ushbu muloqotdan so‘ng, restoranga 3 nafar soliqchi kelib, o‘sha kungi yeb-ichar hisobini ko‘rishgan. Qancha qarzdorlik bo‘lganini bilib qaytishgan. Biroq hisob-kitob qilinmagan.

           Ertasi kuni yana Ozodga telefon qilib, soliqchilar kelishibdi. Lekin hisobni to‘lashmabdi dedim. Ozod bu haqda boshliqqa aytaman dedi. Va ertasi kuni soat 2 larda 2 million 900 ming so‘m pul olib kelyapti. O‘zi jami hisob-kitob o‘zlari arog‘i va gazli ichimliklarini olib kelishgani bois, 3 million 400 ming so‘mdan sal oshgandi. 2 million 900 ming so‘mni olib, bu banket uchunmi yoki eski qarzlarmi dedim. Banket uchun oling buni, eski qarzlarni boshliqning o‘zi bilan gaplashasiz dedi. Xo‘p deb, pulni olib qoldim va ichkariga kirdim. Ozod soliqchi ketdi. Oradan yarim soat ham o‘tmadi, xonamda o‘tirgandim xodimlarim soliqchilar kelishdi dedi. Chiqsam, 2 kishi turibdi. Bu soliqchilarni ilgari tanimas ekanman, faqat banketda ko‘rgan ekanman. Ular restoranning 35 million so‘m atrofida soliq qarzdorligi borligini, yopmoqchiligini aytishdi. Men bunga javoban bu tovuq katagimas yoki butkamas, ustaxonamas yopishdan oldin ogohlantirish berish kerakmasmi dedim. Bu restoranda ayni paytda yarim tayyor bo‘lgan, pishgan, aynib qolishi mumkin bo‘lgan taomlar bor dedim. Shunda xodim bu haqda tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘ining 8-avgust kuni imzolagan qarori borligini aytdi. Ko‘rsat desam, mana telefonda dedi. Menga hujjatning o‘zini olib kel dedim. Qolaversa, hujjatingni ko‘rsatmading deya ataylab qilinayotgan ish uchun jahlim chiqa boshladi. “Agar faoliyatim noqonuniy bo‘lsa, 8-avgust kuni yopilishi lozim bo‘lgan restoran bo‘lsak, nega 12-avgust kuni o‘zlaring kelib, yeb-ichib, banket qildinglar, yopmadinglar” dedim, deydi tadbirkor.

Suhbatdosh tadbirkorning aytishicha, yuzaga kelgan 35 million so‘mlik qarzdorlik mulk solig‘i bo‘lib, bu miqdor har kvartalda oshib borgan.

Bu summa ichida chek bermagansiz deya jarima ham qo‘yishgan ekan. Lekin bu haqda bizga hech kim aytmagandi, xabar bermagandi. O‘sha kuni dabdurstdan shunaqa deb qolishdi va 35 million so‘m ichida 8 million so‘mlik jarima ham bor deb, shuni aytishdi. Men bularning barchasi o‘sha kungi banket pulini so‘raganim uchun bo‘lyaptimi dedim. Va qonuniy tartibda kelishlari kerakligini aytib, ulardan restorandan chiqib ketishni talab qildim. O‘zim ham chiqarishga urindim. Shunda soliq xodimining ustidagi ko‘ylagi tugmasi uzilgan ekan, deydi Anvar Yangiboyev.

Voqea davomida tadbirkor 1000 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, soliqchilarning xatti-harakatidan noroziligini aytib, shikoyat qilgan. Ko‘chada esa tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i profilaktika inspektori bilan voqea joyiga yetib kelgan.

Samad aka degan tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘iga noto‘g‘ri ish qilishayotganini aytib, nomardning ishi bo‘lyapti bu dedim. Boshliq xodimi menga telefonda ko‘rsatgan qarorining qog‘oz variantini olib kelgan ekan. Boshliq bilan ko‘p gaplashmadik, hokimning sayyor qabuli bor deb ketdi. Ikki nafar xodimiga ko‘ringlar deb ketgandi, lekin xodimlar ham boshliq ketgach, ketishdi. “Uchastkavoy” ham voqeani eshitganidan so‘ng, hech qanday hujjat qilmay, ortiga qaytib ketdi. Lekin bir haftadan keyin yana kelib, mendan tushuntirish xati so‘radi, ustimdan soliqchilar arz qilishganini aytdi. Bor voqeani yozib berdim. 5-sentyabr kuni esa qo‘ng‘iroq qilib, ertasi kuni sud bo‘lishini, sudga borishim kerakligini aytdi, deydi tadbirkor.

Anvar Yangiboyevning qo‘shimcha qilishicha, 2024-yilning 6-sentyabr kuni mazkur ishni ko‘rib chiqqan Ko‘kdala tuman sudi tadbirkorning soliqchilarga qilgan xatti-harakatini qoralab, unga 6 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinlagan.

Qashqadaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Firdavs Jabborovning “Daryo.uz”ga bildirishicha, mazkur holat boshqarma boshlig‘i nazoratiga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryoda soliq inspektorlari soliqchilar kunini nishonlab, avvaliga restoranda qarzga yeb-ichibdi. Bir haftadan keyin iymanibgina pulini so‘ragan tadbirkorga shartta tekshiruv tashlab, restoranini yopishga urinibdi” degan mazmunda xabar tarqaldi. Ushbu holat Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i tomonidan nazoratga olinganligini, xabarda keltirilgan maʼlumotlar o‘rganilayotganligini maʼlum qilamiz, deyiladi masʼullar izohida.

Avvalroq Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birida xodimlar o‘zini soliq inspeksiyasidan kelganini aytib, o‘quvchilarga soliq to‘lash bo‘yicha tushuntirish bergani aks etgan videolavhalar tarqalgandi. Bunga munosabat bildirgan Soliq qo‘mitasi maktabda bo‘lgan holatni qoralashini maʼlum qilgandi.