O‘zbekiston, Siyosat

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida 8 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida 8 ta hujjat imzolandi

Kecha, 15-sentabr kuni Germaniya federal kansleri Olaf Shols O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Prezident Mirziyoyev Sholsni Registon maydonida kutib oldi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Germaniya federal kansleri Olaf Shols ishtirokida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Unga ko‘ra, rasmiy tashrif doirasida 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Jumladan:

  • Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya;
  • “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida suv resurslaridan barqaror foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya;
  • O‘ta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya;
  • Transport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Parij bitimi doirasida iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

Bundan tashqari, 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan Texnologik sheriklik va sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilindi, shuningdek, O‘zbekiston va Germaniyaning yetakchi korxonalari darajasida bir qator bitim va shartnomalar tuzildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan Germaniya ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv arafasida O‘zbekistonga tashrif chog‘ida kansler Olaf Sholsga hamrohlik qilayotgan ushbu mamlakat yetakchi investitsiya, sanoat va savdo kompaniyalari vakillarini qutladi.